Neymar Braziliya terma jamoasidagi faoliyatini yakunlaganini e'lon qildi

Neymar Braziliya milliy terma jamoasidagi faoliyatiga yakun yasaganini ma'lum qildi.
"Santos" klubining hujumchisi Neymar Braziliya terma jamoasidagi o'yinlarini tugatganini e'lon qildi. 34 yoshli futbolchi "Selesao"ning eng sermahsul to'purari hisoblanadi. U 2010-yildan buyon milliy terma jamoa tarkibida 130 ta o'yinda maydonga tushib, 80 ta gol urgan va 59 ta golli uzatmani amalga oshirgan.
"Menimcha, Braziliya terma jamoasi bilan bo'lgan hikoyam nihoyasiga yetdi. Men terma jamoaga bor kuchimni berdim. Butun qalbimni va butun hayotimni bag'ishladim, ammo endi buni davom ettirishni istamayman deb o'ylayman", — deb yozdi Neymar o'zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
2026-yilgi Jahon chempionatida Braziliya 1/8 finalda Norvegiyaga 2:1 hisobida mag'lub bo'lib, musobaqani tark etgan edi. Neymar ushbu chempionatda 2 ta o'yinda zaxiradan maydonga tushib, 1 ta gol kiritdi. U maydonda jami 38 daqiqa vaqt o'tkazdi.

