Sport

Neymar qachon futbolchilik faoliyatini yakunlashi mumkinligini ma’lum qildi

Neymar futbolchilik faoliyatini qachon yakunlashi mumkinligini ma’lum qildi.

Braziliyalik hujumchi Neymar o‘z kelajagi borasida hali yakuniy qarorga kelmaganini va dekabr oyida "Santos" bilan amaldagi shartnomasi tugagach, futbolchilik faoliyatini yakunlashi ehtimoli borligini aytdi.

"Yana qancha vaqt futbol o‘ynashimni bilmayman. Hozircha faoliyatimni yakunlash haqida aniq bir to‘xtamga kelganim yo‘q va maydonda yana qancha harakat qilishim ham noma’lum. "Santos" bilan shartnomam dekabrgacha amal qiladi. Niyatim — shartnoma yakuniga qadar shu yerda qolib, klub sharafini munosib himoya qilish. Kelishuv yakunlangach, barchasini hal qilaman: "Santos"da qolamanmi, boshqa jamoaga o‘tamanmi yoki futbolchilik faoliyatimni butunlay yakunlaymanmi — buni o‘shanda hal qilaman", deya Neymarning so‘zlarini keltirmoqda Globo nashri.

Eslatib o‘tamiz, Braziliya milliy terma jamoasi 5-iyul kuni Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatining 1/8 final bosqichida Norvegiyaga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berib, turnirni tark etdi. Ushbu uchrashuv Neymar uchun mundiallar tarixidagi 15-o‘yin bo‘ldi. O‘yindan so‘ng Neymar ko‘z yoshlarini tiyib tura olmadi va terma jamoadagi faoliyatiga nuqta qo‘yganini rasman e’lon qildi.

Ma’lumot o‘rnida, 34 yoshli Neymar Braziliya terma jamoasi libosida jami 130 ta uchrashuv o‘tkazib, raqiblar darvozasiga 80 ta to‘p kiritgan. U mazkur natijasi bilan milliy terma jamoa tarixidagi eng yaxshi to‘purar sanaladi. Hujumchi o‘zining yorqin faoliyati davomida "Santos"dan tashqari Ispaniyaning "Barselona", Fransiyaning "PSJ" hamda Saudiya Arabistonining "Al-Hilol" klublarida ham to‘p surgan.

neymarsantoscontractbrazil national teamretirementfootball career