Netflix Nikolas Keyj ishtirokidagi yangi film diski o‘g‘irlangani uchun sudga berildi
Netflix kompaniyasi Shveysariyalik tadbirkor Saymon Afram tomonidan sudga berildi. Afram kompaniyadan Nikolas Keyj ishtirokidagi Ikkinchi jahon urushi haqidagi yangi filmning shifrlanmagan nusxasi yo‘qolgani uchun 105 million dollar talab qilmoqda. Bu haqda Variety nashri xabar berdi.
Da’vo arizasida aytilishicha, tadbirkor ssenariy ustida yetti yil ishlagan va uni suratga olish uchun 45 million dollar sarmoya kiritgan. Iyun oyida prodyuser yordamchisi Netflix bosh qarorgohiga filmning raqamli nusxasi solingan paketni olib kelgan, toki kompaniya mualliflik huquqlarini sotib olish bo‘yicha qaror qabul qilsin.
Biroq, yordamchi qattiq diskni qaytarib berishni so‘raganida, unga javob berishmagan. Bir hafta o‘tgach, Netflix elektron pochta orqali javob yo‘llagan.
Netflix’ning original filmlar bo‘yicha direktori Shon Berni shunday yozgan: “Bunday holat bilan birinchi marta to‘qnash kelishimiz. Afsuski, o‘tgan hafta kimdir ish stollarimizdan ko‘plab disklarni o‘g‘irlab ketibdi. Bu borada xavfsizlik xizmatlarimiz bilan ish olib boryapmiz, ammo hozircha natija yo‘q.”
Tadbirkorning ta’kidlashicha, nusxaning yo‘qolishi filmning eksklyuzivligini xavf ostiga qo‘yadi.
Netflix bayonotida shunday deyiladi: “Garchi biz “Fortitude” filmi huquqlariga ega bo‘lmasak-da, kontent xavfsizligiga jiddiy yondashamiz hamda rejissyor va uning jamoasini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha choralar ko‘rdik.”
Nikolas Keyj, Ben Kingsli va Ron Perlman bosh rollarni ijro etgan “Fortitude” filmi bilan bog‘liq bu birinchi sud ishi emas. 2023-yilda Afram rejissyor Martin Skorsezeni ijrochi prodyuser sifatida 500 ming dollar o‘zlashtirganlikda ayblab, sudga da’vo qilgan edi. Biroq rejissyor himoyasi qarshi da’vo arizasi bilan chiqib, unda Aframning sohada tajribasiz ekanini ma’lum qilgan. Natijada tomonlar o‘zaro kelishuvga erishib, ishni sudsiz hal qilgan.

