Navoiyda yollanma ishchi tuproq bosib qolishidan halok bo‘ldi

Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida yollanma ishchi quvurlarni ta’mirlash chog‘ida tuproq ostida qolib, hayotdan ko‘z yumdi. Bu xabarni “Daryo”ga Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov tasdiqladi.
Fojiali hodisa 7-avgust kuni Qiziltepa tumani Alisher Navoiy mahallasida, yer ostidan o‘tgan eski quvurlarni ta’mirlash ishlari olib borilayotgan vaqtda yuz bergan. 59 yoshli yollanma ishchi S.Q. tuproq bosib qolishi natijasida voqea joyida vafot etgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yakka tartibdagi ish faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan marhum oilali bo‘lib, bir o‘g‘il va uch qizning otasi edi. Hozirda Qiziltepa tumani IIB xodimlari tomonidan ushbu holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Mehnat inspeksiyasining qayd etishicha, 2026-yilning birinchi yarmida ish joylarida jami 447 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan. Shulardan 113 tasi o‘lim bilan yakunlangan.

