Mahalliy

Qashqadaryoda 6 gektar yerni xususiylashtirib berish evaziga 100 mln so‘m so‘ragan shaxs ushlandi

Qashqadaryoda 6 gektar yerni xususiylashtirish evaziga 100 million so‘m talab qilgan shaxs qo‘lga olindi.

Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida bir fuqaroning ishonchiga kirib, ijaradagi yerni xususiylashtirib berishni va’da qilib, katta miqdorda pul so‘ragan shaxs hibsga olindi. Bu haqda Qashqadaryo IIB axborot xizmati ma’lum qildi.

Xabarga ko‘ra, o‘zini “Javohir” deb tanishtirgan Odilboy Naimov tumandoshi Imron Murodullayevga hokimlik tomonidan 30 yil muddatga dehqon xo‘jaligi yuritish uchun ijaraga berilgan 6 gektar yer maydonini xususiylashtirib berishni taklif qilgan. U bu masalani tuman hokimligining qishloq xo‘jaligi bo‘limida ishlovchi qarindoshi orqali hal qilib berishini aytib, buning evaziga 100 million so‘m talab qilgan.

“Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktik tadbiri davomida O.Naimov kimyoviy ishlov berilgan 100 million so‘mni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Andijonda davlat zaxirasidagi yerni 39 ming dollarga rasmiylashtirib bermoqchi bo‘lganlar ushlangan edi. Boshqa bir holatda esa Toshkent viloyati Qibray tumanida hokim yordamchisi 10 ming dollar bilan qo‘lga tushgani haqida xabar berilgan. U davlat zaxirasida bo‘lgan 4 sotix yer maydonini hokimlikda ishlovchi tanishlari yordamida arxiv hujjatlariga soxta maʼlumotlar kiritish orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 50 ming dollar talab qilgan.

jinoyat ishiqashqadaryoo‘zbekistonfiribgarlikkorrupsiyayer sotuvihokimlikpul talab qilish