Mahalliy

Navoiyda sun’iy intellekt orqali “obodonlashtirilgan” mahalla rasmlari bo‘yicha hokimlik izoh berdi

Navoiy shahar hokimligi sun’iy intellekt yordamida "obodonlashtirilgan" mahalla suratlari bo‘yicha izoh berdi.

Navoiy shahridagi "Hayot" mahallasida amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlariga oid suratlarda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanilgani ijtimoiy tarmoqlarda noroziliklarga sabab bo‘ldi. Bu haqda Navoiy shahar hokimligi axborot xizmati ma’lum qildi.

Xabarga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar uchun materiallarni tayyorlash va joylashtirish jarayonida mas’ul xodimlar e’tiborsizlikka yo‘l qo‘ygan. Mahalla hududidagi o‘zgarishlarni yanada ko‘rgazmali va sifatliroq formatda taqdim etish maqsadida dizayn jarayonida sun’iy intellekt elementlaridan foydalanilgan va ushbu materiallar tekshiruvdan o‘tkazilmasdan e’lon qilingan.

Hokimlik ushbu holat va jamoatchilikda yuzaga kelgan o‘rinli e’tirozlar uchun uzr so‘rab, materiallarni tayyorlashga mas’ul bo‘lgan xodimlar ogohlantirilganini bildirdi.

Qayd etilishicha, "Hayot" mahallasida aholi turmush sharoitini yaxshilash bo‘yicha haqiqatda ham bir qator amaliy ishlar bajarilgan. Natijalar sun’iy emas, balki real ekanligini ko‘rsatish maqsadida rasmiy munosabatga hududning bugungi kundagi haqiqiy (ishlov berilmagan) foto va video lavhalari ilova qilingan.

Foto: Navoiy shahar hokimligi

Foto: Navoiy shahar hokimligi

Avvalroq Chinozda hududi obod qilinmagan mahallalarni "sharmandali mahalla" deb belgilash boshlangani xabar qilingandi. Tuman hokimi Sherzod Solihov hududning ko‘zga ko‘rinadigan joyiga "sharmandali mahalla" degan yozuv o‘rnatishni topshirgan.

apologyurban developmentuzbekistansocial medialocal governmentnavoiyartificial intelligencepublic relations