Mahalliy

Chinozda hududi obod qilinmagan mahallalarni “sharmandali mahalla” deb belgilash boshlandi

Chinoz tumanida obodonlashtirilmagan mahallalarni "sharmandali mahalla" deb atash amaliyoti boshlandi.

Toshkent viloyatining Chinoz tumanidagi Birlik mahallasi obodonlashtirish ishlari qoniqarsizligi sababli ramziy ma'noda "Sharmandali mahalla" deb e'lon qilindi. Tuman hokimi Sherzod Solihov ushbu hududning ko‘zga ko‘rinadigan joyiga "Sharmandali mahalla" yozuvini o‘rnatishni buyurdi.

Chinoz tumani hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, tayanch mahalla sifatida belgilangan "Birlik"da amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy va tahliliy ruhda muhokama qilingan. Yig‘ilishda tuman hokimi viloyat hokimining topshirig‘i bilan yo‘l bo‘yida joylashgan "Birlik" mahallasi tayanch mahalla etib tanlanganini ta'kidladi. Biroq o‘rganishlar davomida mahallada gul va rayhon ekilmagani, o‘tlar o‘rilmagani hamda o‘rilgan o‘tlar hududdan olib chiqilmagani aniqlangan.

Muhokamalar natijasida hududdagi obodonlashtirish, sanitariya holati, aholi murojaatlari bilan ishlash va belgilangan vazifalar ijrosi qoniqarsiz deb baholandi. Mas'ullarning faoliyati keskin tanqid ostiga olindi. Shundan so‘ng tuman hokimi "Birlik" mahallasini ramziy ma'noda "Sharmandali mahalla" deb e'lon qilib, ushbu yozuvni ko‘zga ko‘rinadigan joyga o‘rnatishni topshirdi. Shuningdek, mahallalarga biriktirilgan korxona va tashkilotlar rahbarlariga hududlarni shaxsan nazorat qilish, obodonlashtirish ishlarini jadallashtirish va bajarilgan ishlar yuzasidan fotohisobot taqdim etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Tuman hokimligi xabarida qayd etilishicha, yig‘ilish yakunida mahalladagi mavjud kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etish, ishlar samaradorligini oshirish va belgilangan topshiriqlar ijrosini ta'minlash bo‘yicha mas'ullarga qat'iy vazifalar yuklatilgan. Videotasvirda hokim kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etmagan ayrim xonadonlarga "Uyatli xonadon" degan yozuv osilishi mumkinligini ham aytgan. Har bir rahbar o‘ziga yuklatilgan mas'uliyatni chuqur his etib, aholi manfaatiga xizmat qiladigan amaliy natijalarni ta'minlashi lozimligi ta'kidlandi.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Shahrisabz tumani hokimi Samad Hasanov fuqaroning xonadoniga kirib, yashash sharoitini tanqid qilgani va unga nisbatan jarima qo‘llashni buyurgani aks etgan video tarqalgan edi. Shundan so‘ng tuman hokimligi holat yuzasidan "Daryo"ga munosabat bildirib, hokim aslida nogironligi bo‘lgan keksa fuqaroning xonadoniga bormoqchi bo‘lgani, biroq mahalla raisi yanglish ravishda qo‘shni uyni ko‘rsatgani sababli boshqa xonadonga kirilganini ma'lum qilgan. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Shahrisabz tumani hokimi Samad Hasanov fuqaroning uyiga kirib borib, xonadon sanitariya holatini tanqid qilgani va jarima solishni buyurgani aks etgan video yuzasidan Qashqadaryo viloyati hokimligiga taqdimnoma kiritgan.

uzbekistanlocal governancecommunity developmenturban beautificationsanitationofficial misconductpublic shamingadministrative directives