Moskvada migrantlar tahqirlangani tasdiqlandi: o‘rganish ishlari davom etmoqda
Moskvada o‘nlab mehnat muhojirlari cho‘kkalab yurishga majbur qilingan reyd yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Migratsiya agentligining ma’lum qilishicha, holat Moskva shahri Ochakovo-Matveyevskiy rayonida sodir bo‘lgan.

Moskvada migrantlarning tahqirlanishi tasdiqlandi, tekshiruvlar davom etmoqda.
Kun.uz 27-iyul kuni Moskvadagi qurilish maydonlaridan birida o‘tkazilgan reyd haqida xabar bergan edi. Tahririyatga kelib tushgan videolarda migrantlar yerda cho‘kkalab yurishga majbur qilingani aks etgan. Ularga nisbatan bunday munosabatning sababi noma’lum bo‘lib, murojaat qiluvchilar reyd o‘tkazganlarning kimligini ham aniqlay olishmagan. Qizig‘i shundaki, hech kimdan hujjat talab qilinmay va tekshirilmay turib, migrantlarga shunday holatda yurish buyurilgan.
Migratsiya agentligi va Rossiyadagi diplomatik missiya ushbu holat yuzasidan o‘rganish ishlarini olib bormoqda. Reyd o‘tkazilgani tasdig‘ini topdi va voqea joyida qo‘shni davlatlar fuqarolari ham bo‘lgan. Kun.uz’ga ma’lum qilinishicha, hujjatlar tekshiruvidan so‘ng olib ketilganlar Tojikiston fuqarolari hisoblanadi.
Agentlikning rasmiy munosabatida bildirilishicha, qurilish ob’yektida 320 nafardan ortiq xorijiy davlat fuqarolari, jumladan 70 ga yaqin o‘zbekistonliklar ishlaydi. Kun.uz’ga taqdim etilgan foto va videolarda agentlik hamda O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi vakillari ob’yektlarga borib, yurtdoshlarimiz bilan suhbatlashayotgani aks etgan.
Agentlik O‘zbekiston fuqarolariga murojaat qilib, reydlar va boshqa holatlar davomida mehnat huquqlari buzilgan bo‘lsa, qo‘rqmasdan xabar berishlarini so‘radi. Zarur hollarda agentlik jamg‘armasi hisobidan 3000 AQSh dollarigacha advokat xizmatlari xarajatlari qoplanishi ham aytilgan.
Biroq, Kun.uz bilan gaplashgan murojaatchilarga ko‘ra, e’lon qilingan videolardan so‘ng qurilishdagi ishchilarga bosim kuchaygan. Ularning telefonlari tekshirilib, xabar kim tomonidan tarqatilganini aniqlashga urinishmoqda. Shuningdek, ishchilarga ichkaridagi gapni tashqariga olib chiqmaslik ham buyurilgan.
Agentlik reyddan keyin olib ketilganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘qligini aytmoqda, biroq tahqirlanganlar orasida yurtdoshlarimiz ham bo‘lgan. Holat yuzasidan yakuniy munosabat e’lon qilinishi kutilmoqda.

