Marvel “Qasoskorlar: Doktor Dum” filmining ilk treylerini namoyish etdi
Marvel "Qasoskorlar: Doktor Dum" filmining dastlabki treylerini taqdim etdi.
Marvel studiyasi "Qasoskorlar: Doktor Dum" nomli superqahramonlik blokbasterining treylerini e'lon qildi. Ushbu kartina Marvel olamiga bo'lgan qiziqishni qayta jonlantirishi kutilmoqda. Film xorij kinoteatrlarida 18-dekabrda namoyish etiladi. Qayd etish joizki, aynan shu sanada "Dyuna: 3-qism" ham premyera qilinadi.
Ma'lumotlarga ko'ra, yangi filmning asosiy yovuz qahramoni Doktor Dum bo'ladi. Uni avval franshizada Toni Stark (Temir odam) rolini ijro etgan kichik Robert Dauni gavdalantiradi. Shuningdek, filmda Kris Xemsvort yana Tor rolida, Kris Evans esa Stiv Rojers obrazida qaytadi.
Treyler film voqealarining keng ko'lamini namoyish etadi. Unda Charlz Ksavye, Magneto, Mistik, Siklop, Gambit, Fantastik to'rtlik, Momaqaldiroqlar, Chumoli odam, Sem Uilson, Shan-Chi, Loki va boshqa ko'plab superqahramonlar paydo bo'ladi. Ularning barchasi Doktor Dumga qarshi kurashish uchun birlashadi.
Shu bilan birga, "Qasoskorlar: Maxfiy urushlar" nomli film ustidagi ishlar ham davom etmoqda. U "Qasoskorlar: Doktor Dum"dan bir yil o'tib ekranlarga chiqadi. Har ikki film rejissyorlari avval "Qasoskorlar: Cheksizlik urushi" va "Qasoskorlar: Intiho" filmlarini suratga olgan aka-uka Jo va Entoni Russo hisoblanadi.

