“Jumanji 3” filmining treyleri chiqdi — Dueyn Jonson va Jek Blek real olamga qaytmoqda

“Jumanji 3” filmining treyleri e’lon qilindi — Dueyn Jonson va Jek Blek haqiqiy dunyoga qaytishmoqda.
Sony Pictures kinokompaniyasi “Jumanji: Ochiq dunyo” nomli trilogiyaning yakuniy qismi uchun ilk treylerini namoyish etdi. Bu safar Dueyn Jonson (“Moana”), Jek Blek (“King Kong”), Kevin Xart (“Haqiqiy voqea”) va Karen Gillan (“Qasoskorlar: Intiho”) tomonidan gavdalantirilgan qahramonlar videoo‘yin olamini tark etib, real dunyoga tushib qoladilar.
Syujetga ko‘ra, qahramonlar real dunyoda tartibsizliklar keltirib chiqara boshlaydi. Aleks Vulf (“Reinkarnatsiya”) ijrosidagi qahramon treylerda vaziyatni shunday izohlaydi: “Muammo shundaki, ular — videoo‘yin personajlari, biroq demoversiyada qolib ketishgan”.
Franshizaning avvalgi ikki qismini suratga olgan Jeyk Kezdan ushbu filmga ham rejissyorlik qildi. U, shuningdek, Jeff Pinkner (“Chegara”) va Skott Rozenberg (“Tashqaridan”) bilan birgalikda ssenariy yozishda ishtirok etdi. Filmda Jonson, Blek, Xart, Gillan va Vulfdan tashqari Nik Jonas (“Qirollik”), Morgan Tyorner (“Moviy qon”), Ser’Darius Bleyn (“Vampir kundaliklari”), Medison Aysmen (“Amerika oilasi”), Riz Darbi (“Haqiqiy g‘ovlar”) va Denni DeVito (“Do‘stlar”) kabi aktyorlar ham rol ijro etgan.
Yangi kartina Kris Van Olsburgning shu nomdagi bolalar kitobiga asoslangan bo‘lib, Robin Uilyams (“Zakovatli Uill Xanting”) ishtirok etgan 1995-yilgi asl lentaning qayta talqini bo‘lmish “Jumanji: Changalzor chorlovi” filmi boshlab bergan hikoyani davom ettiradi. “Changalzor chorlovi” dunyo prokatida 950 million dollardan ortiq mablag‘ to‘plagan bo‘lsa, uning 2019-yilda chiqqan davomi 801 million dollardan ko‘proq daromad keltirdi.
CinemaCon’dagi film taqdimoti chog‘ida Jek Blek yangi qism ustida ishlash unga hammadan ham ko‘proq yoqqanini tan oldi.
“Men hali hech qachon biror film ustida ishlashdan bunchalik zavqlanmaganman. Bu mening barcha loyihalarim ichida eng sevimlisi”, deydi Jek Blek.
“Jumanji: Ochiq dunyo” filmining premyerasi 25-dekabrga rejalashtirilgan.

