Layfstayl

Disney va Makoley Kalkin “Uyda yolg‘iz” komediyasining davomini suratga olmoqchi

Disney va Makoley Kalkin "Uyda yolg'iz" filmining davomini suratga olishni rejalashtirmoqda.

Jurnalist va insayder Mett Bellonining ma'lumotlariga ko'ra, Makoley Kalkin ishtirokidagi "Uyda yolg'iz" filmining yangi qismi suratga olinishi mumkin. Bellonining xabar berishicha, aktyor yaqinda Disney vakillari bilan loyihani muhokama qilish uchun uchrashgan.

34 yil davomida sikveldan qochib yurgan Makoley 2025-yilda kutilmaganda bu rolga qaytishga qarshi emasligini bildirgan. U hatto davomi uchun o'z g'oyasini ham taqdim etgan: Kevin ulg'aygan va o'g'lini yolg'iz o'zi tarbiyalamoqda. U ish bilan bola parvarishini birga olib borishga harakat qiladi, ammo bu uning qo'lidan unchalik kelmayapti.

Makoley Kalkin o'z g'oyasini quyidagicha izohlagan: "Men yo bevaman, yo ajrashganman. Farzandimni tarbiyalayapman va hokazo. Juda ko'p ishlayman, lekin unga yetarlicha e'tibor bera olmayapman. Qaysidir payt u mendan xafa bo'lib, meni haydab yuboradi. (Kevinning o'g'li) meni (uyga) kiritmaydi, hatto men uchun tuzoqlar ham qo'yadi."

Bellonining so'zlariga ko'ra, studiya aktyorning yangi loyihaga rahbarlik qilishini istayapti. World of Reel nashri qayd etishicha, bu g'oya afsonaviy "ho'l o'g'rilar" — Daniel Stern va Jo Peshi bilan muhokama qilingani hozircha noma'lum, biroq ularning qaytish ehtimoli juda kam. Daniel Sternni ko'ndirish qiyin bo'ladi, Jo Peshi esa anchadan beri omma oldida ko'rinish bermayapti.

Vaziyatga noaniqlik kiritayotgan yana bir holat — bu dastlabki ikki qism rejissyori Kris Kolambusning pozitsiyasidir. U avvalroq "buni endi takrorlab bo'lmaydi", degan edi. Biroq Gollivudda hamma narsa bo'lishi mumkin.

"Uyda yolg'iz" komediyasi 1990-yilda boshlangan bo'lib, uyni o'g'rilardan bir o'zi himoya qiladigan bola haqida hikoya qiladi. Makoley ishtirokidagi dastlabki ikki qism klassikaga aylangan, boshqa qahramonlar ishtirokidagi keyingi to'rtta filmni esa hozirda deyarli hech kim eslay olmaydi.

hollywoodfilm productiondisney+comedyhome alonemacaulay culkinsequelchris columbus