Mahalliy

Maktablarda dars soatlarini taqsimlash tartibi o‘zgartiriladi

Maktablarda dars soatlarini taqsimlash tartibi o‘zgaradi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchilar o‘rtasida dars soatlarini taqsimlash tartibi o‘zgargani haqidagi xabarlarga rasmiy izoh berdi.

Qayd etilishicha, 2025-yil 28-oktyabrda vazirlik, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining qo‘shma qarori bilan “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.

Unga ko‘ra, dars soatlarini taqsimlashda qo‘llaniladigan ustuvorlik mezonlari 19 tadan 10 taga qisqartirilgan. Vazirlikning ma’lum qilishicha, bu o‘zgarishlar o‘qituvchilarning takliflari asosida ish yuklamasini kamaytirish, dars soatlarini taqsimlash talablarini soddalashtirish hamda jarayonni yanada shaffof va adolatli tashkil etish maqsadida amalga oshirilgan.

Yangi tartibda barcha pedagoglar uchun teng imkoniyat yaratish maqsadida dunyoning top-1000 universitetlari bitiruvchisi bo‘lish yoki xalqaro va asosiy fan olimpiadalarida o‘quvchilari g‘olib bo‘lgan o‘qituvchi kabi mezonlar bekor qilingan.

Endilikda dars soatlarini taqsimlashda asosiy e’tibor o‘qituvchining kasbiy salohiyati, natijalari, fan bo‘yicha bilimini tasdiqlovchi milliy yoki xalqaro sertifikatlari hamda zamonaviy kompetensiyalariga qaratiladi.

Vazirlikning ta’kidlashicha, yangi tartib o‘z ustida ishlaydigan, yuqori kasbiy mahoratga ega va sifatli ta’lim bera oladigan pedagoglarga ustuvor ravishda dars soatlari berilishiga xizmat qiladi. Mazkur tizim yangi o‘quv yilidan boshlab amaliyotga joriy etiladi.

o‘qituvchilartaʼlimo'zgarishlarpedagogikamaktabdars soatlaritaqsimlash tartibivazirlik