Mahalliy

“Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” boshlanganidan buyon qariyb 350 ta ekologik huquqbuzarlik aniqlandi

O‘zbekistonda “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” boshlanganidan buyon qariyb 350 ta ekologik qonunbuzarlik holati aniqlandi. Bu haqda 5-avgust kuni Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qildi.

Qo‘mita xabariga ko‘ra, ushbu davr mobaynida Ekopolitsiya va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan daraxtlarni noqonuniy kesish va shikastlash bilan bog‘liq 62 ta holat qayd etilgan. Huquqbuzarlarga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 79-moddasi (daraxtlarni, butalarni, boshqa oʻsimliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yoʻq qilish yoki boshqa joyga koʻchirib oʻtkazish) talablari asosida maʼmuriy jarimalar qo‘llanilib, atrof-muhitga yetkazilgan zarar miqdori hisoblab chiqilgan.

Jumladan, 3-avgust kuni daraxtlarni noqonuniy kesish va shikastlash bilan bog‘liq 5 ta holat aniqlanib, aybdorlarga maʼmuriy jarimalar belgilangan. Bu qonunbuzarliklar Buxoro, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida ro‘yxatga olingan.

Chiqindilar bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga qarshi kurashishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hisobot davri boshidan buyon Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 91-moddasi (sanoat chiqindilarini, maishiy chiqindilarni va boshqa chiqindilarni to‘plash, tashish, joylashtirish, zararsizlantirish, saqlash, utilizatsiya qilish, qayta ishlash, realizatsiya qilish chog‘ida tabiatni muhofaza qilish talablarini buzish) asosida chiqindilar bilan muomala qilish qoidalarini buzganlik uchun 285 ta holatda maʼmuriy jarimalar qo‘llanilgan.

Faqatgina 3-avgust kuni chiqindilar bilan muomala qilish qoidalarini buzish bo‘yicha 17 ta holat aniqlangan. Ushbu qonunbuzarliklar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent va Xorazm viloyatlari, shuningdek, Toshkent shahrida qayd etilgan.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi daraxtlarni noqonuniy kesish, ularga shikast yetkazish hamda chiqindilar bilan muomala qilish qoidalariga rioya etmaslik atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazishini va amaldagi qonunchilikda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘lishini eslatib o‘tdi.

uzbekistanenvironmental protectionwaste managementenvironmental violationsenvironmental damageillegal tree cuttingecology committeeadministrative fines