Leonardo DiKaprio va Jeff Bezos noyob hayvonlarni asrashga 200 million dollar ajratdi
Leonardo DiKaprio va Jeff Bezos noyob jonivorlarni himoya qilish uchun 200 million dollar ajratdi.
Leonardo DiKaprio va Jeff Bezos jamg‘armalari hamkorligida yo‘qolib ketish xavfi ostidagi 100 turdagi noyob hayvonlarni saqlab qolishga qaratilgan "Feniks" loyihasi dasturi ishga tushirildi. Bu Re:wild va Bezos Earth Fund jamg‘armalari tarixidagi faqat yo‘qolib borayotgan hayvonlarni asrashga bag‘ishlangan eng yirik tashabbusdir.
Loyihaning umumiy byudjeti 200 million dollarni tashkil etadi. Re:wild jamg‘armasi aktyor va ekolog faol Leonardo DiKaprio tomonidan tashkil etilgan bo‘lsa, Bezos Earth Fund Amazon asoschisi Jeff Bezosga tegishli.
Ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha g‘oyasi DiKaprio tomonidan bir necha yil davomida ishlab chiqilgan. Keyinchalik unga Jeff Bezos va uning turmush o‘rtog‘i Loren Sanches qo‘shilgan. Mahalliy hukumatlar, ekolog olimlar va tub aholi vakillari bilan hamkorlikda dunyo bo‘ylab noyob hayvonlar populyatsiyasini tiklash bo‘yicha keng qamrovli reja ishlab chiqilgan.
Dastur doirasida Madagaskarda yashovchi oltin boshli sifaka, AQSHning Shimoliy Karolina shtatidagi salamandra, Filippindagi Visaya so‘galli cho‘chqasi, Meksikaning Kosumel orolidagi sichqon turi, Galapagos orollaridagi quruqlik iguanasi, Tanzaniyadagi elastik toshbaqa, Yangi Gvineyadagi Attenboro uzun tumshuqli exidnasi va boshqa noyob hayvon turlarini asrab qolish rejalashtirilgan.
Loyihaning asosiy maqsadi nafaqat ushbu hayvonlarni yo‘qolib ketishdan saqlab qolish, balki ilgari cheklangan mablag‘ va bir martalik grantlar hisobiga faoliyat yuritgan mahalliy tabiatni muhofaza qilish tashabbuslarini uzoq muddat qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Dastur doirasida barqaror moliyalashtirish tizimini yo‘lga qo‘yish, ilmiy kuzatuvlarni kuchaytirish va mahalliy aholini biologik xilma-xillikni asrash ishlariga faol jalb etish ham ko‘zda tutilgan.

