Argentina sudi ikkita oltin baliqni huquqlarga ega hissiyotli jonivor deb topdi

Argentina sudi Fede va Magi nomli ikkita oltin baliqni huquqlarga ega bo‘lgan hissiyotli jonivor sifatida tan oldi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Baliqlar Buenos Ayres shahridagi sushibar vitrinasida noqulay sharoitda saqlangan. Jamoatchilik vakillaridan biri quyosh nuri ostida qolgan akvariumga e’tibor qaratgan. "Yo‘ldan o‘tayotgan va to‘xtab qaragan har qanday odam bu sharoit baliqlar uchun mutlaqo nomaqbulligini ko‘rishi mumkin edi", deydi 200 dan ortiq qutqarilgan hayvonlar boshpana topgan Jaulas Vacías nodavlat tashkiloti advokati Matias Trufero.
Shu sababli Jaulas Vacías tashkiloti sudga shikoyat arizasi bilan murojaat qilgan. Baliqlarning saqlanish sharoiti Argentinada hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lishni taqiqlovchi 14.346-sonli qonunni buzishi ta’kidlangan. Natijada sud qisqa muddatda baliqlarni xavfsiz joyga ko‘chirish to‘g‘risida qaror chiqargan va sushibar ma’muriyati bunga e’tiroz bildirmagan.
"Ikki baliqchani shisha vitrinaga joylashtirish — xuddi ikkita oq ayiqni sauna ichida qafasga qamab qo‘yish bilan barobar", deydi qutqaruv ishlariga yordam bergan va ularni boqib olishni taklif qilgan mutaxassislardan biri Karlos Xose Aga. Magi va Fede 40 litrlik shisha idishdan Aganing xonadonidagi 2500 litrlik akvariumga ko‘chirilgan. Sud qaroriga asosan baliqlar ularni asrab olgan shaxsning qaramog‘ida qoldirilgan.
Sud ishining boshida biz baliqlarni xavfsiz va munosib joyga ko‘chirishdan tashqari, ularni huquq subyektlari yoki "hissiy mavjudotlar" deb e’lon qilishlarini so‘ragan edik, dedi Trufero. Ya’ni da’vogarlar baliqlar shunchaki obyekt emas, huquqlarga ega mavjudotlar deb e’lon qilinishini talab qilgan.
"Baliqni akvariumda saqlashning o‘zi qonunga xilof emas. Biroq ularni shafqatsiz munosabat yoki qiynoqqa olib keladigan sharoitlarda saqlash noqonuniydir. Masalan, joyning torligi, ozuqaning yetishmasligi va qonun bilan jazolanadigan boshqa harakatlar shular jumlasidandir. Bundan tashqari, agar bu ekzotik tur bo‘lsa va u mahalliy yovvoyi tabiat to‘g‘risidagi qonunlar doirasiga tushsa, uni saqlash taqiqlanishi ham mumkin", dedi Trufero. U bunday qoidalar dunyoning ko‘plab mamlakatlarida ham mavjudligini ta’kidladi.
Hayvonlar manfaatini himoya qilish bo‘yicha ilk da’vo arizasi 2005-yilda Braziliyadagi Suiza nomli shimpanze manfaatlarini ko‘zlab topshirilgan, u qo‘riqxonaga ko‘chirilishidan oldin nobud bo‘lgan. Shundan so‘ng boshqa mamlakatlarda, jumladan, Argentinada ham o‘xshash sud amaliyoti shakllana boshladi. Ulardan eng mashhuri — Germaniyada tug‘ilib, Buenos Ayres hayvonot bog‘ida 20 yil saqlangan Sandra laqabli orangutang ishi bo‘ldi. 2014-yilda ekologlarning sudga kiritgan da’vosi natijasida sudya uni "inson bo‘lmagan shaxs" deb e’lon qilgan.
Sud qarorida Sandraning zarur darajada oziqlantirilgani va shafqatsiz munosabatga duchor bo‘lmaganiga qaramay, uning tutqunlikda saqlanishi hamda ommaga namoyish etilishi huquqlarini poymol qilgani aytilgan. 2016-yilda Buenos Ayres hayvonot bog‘i eko-parkka aylantirilib, hayvonlar namoyishdan olib tashlandi va ularning aksariyati ixtisoslashtirilgan qo‘riqxonalarga ko‘chirildi. Sandra 2019-yilda Florida shtatidagi (AQ

