Kolumbiya milliy jamoasi futbolchisi tahdidlar sabab JCHdan so‘ng vataniga qaytmadi

Kolumbiya milliy jamoasi futbolchisi tahdidlar sabab JCHdan so‘ng vataniga qaytmaslikka qaror qildi. Kolumbiya milliy jamoasining yarim himoyachisi Haminton Kampas 2026-yilgi Jahon chempionatidagi ishtirokini tugatgach, jamoasi bilan birga o‘z yurtiga qaytmaslikni tanladi. Bu haqda Al Jazeera nashri ma'lum qildi.
Xabarlarga ko‘ra, futbolchi va uning oila a'zolariga nisbatan ommaviy tahdidlar mavjud. Kampasga tahdidlar JCH-2026 1/8 finalida Shveysariyaga qarshi o‘yindan so‘ng boshlangan. Uchrashuvning 115-daqiqasida futbolchi qulay vaziyatdan foydalanib, to‘pni darvoza to‘sini ustidan o‘tkazib yuborgan. Natijada kolumbiyaliklar penaltilar seriyasida Shveysariyaga imkoniyatni boy berib qo‘yishdi (0:0, penaltilar bo‘yicha — 3:4).
Argentinaning “Rosario Sentral” jamoasida to‘p surayotgan Kampas Instagram’dagi sahifasida qo‘llari bilan yuzini yopib turgan suratini joylashtirib, muxlislarni ehtiroslarga berilmaslikka chaqirdi. “Futbolda og‘ir damlar ham bo‘lib turadi. Hurmatli kolumbiyalik muxlislar, iltimos, bir-birimizga bo‘lgan hurmatni hech qachon yo‘qotmaylik. Ha, qattiq ranjishimiz yoki tushkunlikka tushishimiz mumkin, ammo hech qanday ehtiros nafrat sochishni yoki qo‘rquv ichida yashashni oqlay olmaydi”, deb yozdi futbolchi.
Keyinchalik futbolchi o‘ziga kelayotgan xabarlarni juda jiddiy qabul qilib, xavfsizlik nuqtayi nazaridan Kolumbiyadan tashqarida qolishni ma’qul ko‘rgan. Eslatib o‘tamiz, Jahon chempionati bahslari hozirda AQSH maydonlarida davom etmoqda. Turnirning final o‘yini 19-iyulga belgilangan. Musobaqaning amaldagi g‘olibi Argentina terma jamoasi hisoblanadi.

