Ko‘chirilgan davlat obyektlari o‘rnida yashil jamoat parklari tashkil etish taklif qilinmoqda
O‘zbekistonda ko‘chirilgan davlat ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari hamda ayrim korxonalar o‘rnida yashil jamoat parklari tashkil etish taklif etilmoqda. Tegishli qaror loyihasida bunday yer maydonlaridan faqat park maqsadida foydalanish va aholi uchun ochiq, bepul maskanlar barpo etish nazarda tutilgan.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi bilan davlat tashkilotlari va atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatuvchi obyektlar ko‘chirilishi natijasida bo‘shagan yerlarda yashil jamoat parklari tashkil etish tartibini tasdiqlash taklif etilmoqda.
Ushbu loyiha aholi yashash joylarida yashil hududlarni kengaytirish, shahar va tumanlarda ekologik muhitni yaxshilash, aholi uchun ochiq va bepul dam olish maskanlari yaratish, shuningdek, ko‘chirilgan davlat ta’lim, sog‘liqni saqlash muassasalari hamda atrof-muhitga I va II toifali ta’sir ko‘rsatuvchi korxonalar yerlaridan samarali foydalanishni maqsad qilgan.
Loyihaga ko‘ra, davlat maktablari, akademik litseylar, texnikumlar, oliy ta’lim muassasalari va boshqa ta’lim tashkilotlari, davlat poliklinikalari, shifoxonalar va boshqa tibbiyot muassasalari, shuningdek, atrof-muhitga I va II toifali ta’sir ko‘rsatuvchi korxonalar boshqa joyga ko‘chirilganda, ularning yer maydonlari va mavjud bino-inshootlari inventarizatsiyadan o‘tkaziladi. Shuningdek, bu hududlarda yashil jamoat parklari tashkil etish imkoniyati o‘rganiladi.
Inventarizatsiya va o‘rganish natijalariga ko‘ra, bo‘shagan yer maydonlarini shaharsozlik, ekologik va ijtimoiy ahamiyatidan kelib chiqib qayta baholash, ularda yashil jamoat parklari, sayr hududlari, bolalar maydonchalari, sport va rekreatsiya zonalari tashkil etish taklif qilinmoqda.
Hujjatda yashil hududlarni saqlash va rivojlantirishga xususiy sektorni, jumladan, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari orqali jalb qilish, yer maydonlaridan belgilangan maqsaddan chetga chiqmagan holda foydalanish hamda yashil jamoat parklaridan aholining ochiq va bepul foydalanishi kafolatlanishi belgilanmoqda.
Loyihada Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi davlat ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari, shuningdek, atrof-muhitga I va II toifali ta’sir ko‘rsatuvchi korxonalar ko‘chirilgan yer maydonlarida yashil jamoat parklarini tashkil etish, ularni saqlash va jamoatchilik uchun ochiqligini ta’minlash bo‘yicha vakolatli organ etib belgilanishi taklif qilinmoqda.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari yashil jamoat parklari tashkil etish uchun yaroqli deb topilgan yer maydonlarini Qo‘mita tasarrufiga beg‘araz o‘tkazishi, tegishli vazirlik va idoralar esa ko‘chirilgan obyektlar ro‘yxatini shakllantirib, ular bo‘yicha takliflar kiritishi rejalashtirilgan.
Loyihada mazkur qaror doirasida ajratiladigan yer maydonlaridan faqat yashil jamoat parklarini tashkil etish, saqlash va rivojlantirish maqsadida foydalanish taklif qilinmoqda. Bu hududlarda ko‘p qavatli turar joylar, savdo majmualari, ma’muriy binolar, sanoat obyektlari va park maqsadiga zid bo‘lgan boshqa inshootlarni qurish taqiqlanishi nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, yashil jamoat parklari aholi uchun ochiq va bepul bo‘lishi, mavjud bino-inshootlarni saqlab qolish, rekonstruksiya qilish yoki demontaj qilish to‘g‘risidagi qarorlar huquqiy, texnik, ekologik va shaharsozlik baholash natijalari asosida qabul qilinishi belgilanmoqda. Park hududida aholiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan yengil turdagi infratuzilma obyektlarini yashil hudud maydonini qisqartirmaslik va daraxtlarga zarar yetkazmaslik sharti bilan joylashtirishga ruxsat berilishi taklif etilgan.
Nizomga ko‘ra, mahalliy hokimliklar har yili 1-fevralga qadar ko‘chirilgan yoki ko‘chirilishi rejalashtirilgan davlat ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari hamda I-II toifadagi korxonalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shakllantirib, Ekologiya qo‘mitasi, Kadastr agentligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga taqdim etadi. Kadastr agentligi yer maydonlarining chegarasi, kadastr raqami, maydoni, yer toifasi, muhandislik tarmoqlari, mavjud daraxt va butalar, sanitar va ekologik cheklovlarini o‘rganib, inventarizatsiya o‘tkazadi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda “O‘zdaverloyiha” instituti bino va inshootlarning huquqiy maqomi, texnik holati, rekonstruksiya qilish yoki buzish zarurati, madaniy meros maqomi hamda kommunikatsiyalardan foydalanish imkoniyatlarini baholaydi. Ushbu baholash natijalari yer maydonini yashil jamoat parki uchun tanlash yoki tanlamaslikka asos bo‘ladi.
Nizomda har bir hudud uchun park konsepsiyasi ishlab chiqilishi belgilangan. Unda parkning umumiy maydoni, yashil hududlar ulushi, ekiladigan daraxt va butalar, sug‘orish tizimi, sayr yo‘laklari, bolalar va sport maydonchalari, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulayliklar, yoritish va xavfsizlik tizimlari, sanitar infratuzilma hamda parkdan bepul foydalanish shartlari aks ettiriladi. Bunda mavjud sog‘lom daraxt va butalarni saqlab qolish ustuvor vazifa sifatida belgilanmoqda.
Shuningdek, texnik jihatdan yaroqli binolar park ma’muriyati, ekologik ta’lim markazi, tashrif buyuruvchilar markazi yoki rekreatsiya infratuzilmasi sifatida qayta ixtisoslashtirilishi, avariya holatidagi yoki park tashkil etishga to‘sqinlik qiluvchi inshootlar esa belgilangan tartibda demontaj qilinishi mumkin. Agar hudud avval I yoki II toifadagi korxonaga tegishli bo‘lgan bo‘lsa, park barpo etilishidan oldin yerning ekologik holati o‘rganilib, ifloslangan maydonlar rekultivatsiya qilinishi nazarda tutilgan.
Loyihaga muvofiq, yashil jamoat parklarini barpo etish va saqlash uchun tadbirkorlar ochiq tanlov asosida jalb qilinishi mumkin. Yer maydonlari ijara yoki davlat-xususiy sheriklik asosida beriladi, biroq shartnomalarda yashil hudud maydonini kamaytirmaslik, daraxtlarni parvarishlash, sug‘orish, sanitar holatni ta’minlash, aholi uchun ochiq va bepul kirishni saqlash kabi majburiy shartlar belgilanadi. Ko‘p qavatli uylar, yirik savdo majmualari, sanoat obyektlari hamda park vazifasiga zid boshqa qurilishlarga yo‘l qo‘yilmaydi.
Hujjatda yashil jamoat parklarini moliyalashtirish mahalliy budjetlar, Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasi, “Yashil makon” loyihasi uchun ajratiladigan mablag‘lar, davlat-xususiy sheriklik loyihalari, xalqaro moliya institutlari va donorlar grantlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi belgilangan.
Shuningdek, Ekologiya qo‘mitasi ikki oy muddatda yashil jamoat parklari uchun yaroqli yer maydonlarini aniqlash mezonlari, ularni Qo‘mita tasarrufiga o‘tkazish bo‘yicha namunaviy hujjatlar, ijara va davlat-xususiy sheriklik bitimlariga kiritiladigan majburiy ekologik shartlar hamda parklardan aholining ochiq va bepul foydalanish tartibini tasdiqlashi taklif qilinmoqda. Vazirlik va idoralar esa o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qaror qabul qilingan taqdirda bir oy ichida unga muvofiqlashtirishi nazarda tutilgan.

