Mahalliy

Afrosiyob ko‘chasidagi bog‘ atrofini o‘rab turgan panjaralar olib tashlanmoqda (video)

Afrosiyob ko‘chasidagi bog‘ atrofidagi panjaralar olib tashlanmoqda (video)

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning Toshkentga "yashil shahar" maqomini qaytarish tashabbusi e'lon qilinganidan ko‘p o‘tmay, poytaxtning Afrosiyob ko‘chasida joylashgan bog‘ning temir panjaralarini demontaj qilish ishlari boshlandi. "Daryo" muxbiri xalq uchun ochilayotgan ushbu yashil hududdan reportaj tayyorladi.

Toshkent shahri jadal rivojlanayotganiga qaramay, shaharda yashil maydonlar juda kam. Shu sababli, yangi istirohat bog‘larini barpo etish va atrof-muhitni ko‘kalamzorlashtirish Toshkentning buguni va kelajagi uchun eng muhim ustuvor yo‘nalishlardan biridir.

Iyul oyi oxirida Saida Mirziyoyeva poytaxtdagi bir qator muhim obyektlarni ko‘zdan kechirgan edi. O‘shanda Prezident administratsiyasi rahbari Afrosiyob ko‘chasidagi bog‘ning holatini o‘rganib chiqib, bu yerda aholi uchun erkin dam olishlari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan edi.

Bugun, 5-avgust kuni O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga tutash 37 gektar maydondagi park hududini kompleks rivojlantirish va uni aholi uchun qulay jamoat makoniga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli tadbirlar boshlandi.

Loyiha doirasida park hududini zamonaviy shaharsozlik talablariga va aholi ehtiyojlariga moslashtirish maqsadida quyidagi asosiy vazifalar va ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda:

* Ochiqlik va qulaylik;

* Ekologiya va yashil hudud;

* Zamonaviy infratuzilma.

Ushbu tashabbuslar poytaxtdagi ekologik vaziyatni yanada yaxshilash, aholi uchun qulay sharoitlar yaratish, markaziy ko‘chalar va ularga tutash hududlarda yashil maydonlar va bog‘larni kengaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlarning bir qismidir.

urban developmentinfrastructuretashkentpublic spacesecologysaida mirziyoyevagreen cityparks