Mahalliy

Yashil bog‘ va yashil jamoat parklarini tashkil etishga hissa qo‘shayotganlar rag‘batlantiriladi

Kamida 1 000 tup daraxt va buta ko‘chatidan iborat yashil bog‘ yoki yashil jamoat parki tashkil etgan yoki Yashil xayriya jamg‘armasiga kamida 200 million so‘m xayriya qilgan jismoniy va yuridik shaxslar «Ekohamkor» maqomini olishi mumkin.

Yashil bog‘lar va jamoat parklarini barpo etishga hissa qo‘shgan shaxslarni rag‘batlantirish tizimi joriy etilmoqda.

Hukumatning “Yashil bog‘ va yashil jamoat parklarini tashkil etishda o‘z hissasini qo‘shayotgan shaxslarni rag‘batlantirish tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi.

Ushbu qaror bilan yashil hududlarni kengaytirish, yashil bog‘lar, jamoat parklari, botanika va dendrologiya bog‘larini tashkil etish hamda aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining bu jarayonlardagi ishtirokini rag‘batlantirish maqsadida “Ekohamkor” maqomini joriy etish ko‘zda tutilgan.

Loyihaga muvofiq, kamida 1 000 tup daraxt va buta ko‘chatidan iborat yashil bog‘ yoki jamoat parki tashkil etgan yoxud Yashil xayriya jamg‘armasiga kamida 200 million so‘m xayriya qilgan jismoniy va yuridik shaxslar “Ekohamkor” maqomini olish huquqiga ega bo‘ladi.

Mazkur maqom egalariga yashil bog‘ yoki parkka o‘z nomi yoki tashkiloti nomini berish, ekologik tadbirlar o‘tkazish hamda o‘z faoliyatini targ‘ib qilish huquqi beriladi. Biroq, bu huquqlardan foydalanish jarayonida yashil hududlarda har qanday qurilish ishlarini amalga oshirish taqiqlanadi.

“Ekohamkor” maqomi har yili tanlov asosida har bir hududdan eng yuqori ball to‘plagan 14 nafar jismoniy va 14 nafar yuridik shaxsga berilishi nazarda tutilgan.

“Ekohamkor” maqomini olganlarga davlat xizmatlaridan foydalanishda 10 foiz chegirma hamda davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tijorat banklarida iste’mol krediti olishda imtiyozlar berish taklif etilmoqda.

charityenvironmental initiativesgreen spaceseco-partner statuspublic parksgovernment incentivestree plantingecological events