KFC, Evos va Oqtepa Lavash: qaysi biri ko‘proq soliq to‘ladi?
Yil boshidan beri umumiy ovqatlanish sohasidagi korxonalar 1 trln so‘mdan ortiq soliq to‘ladi

KFC, Evos va Oqtepa Lavash: qaysi biri ko‘proq soliq to‘ladi?
2026-yilning yanvaridan iyunigacha bo‘lgan davrda umumiy ovqatlanish sohasida faoliyat yurituvchi 23 148 ta yuridik shaxs tomonidan jami 1 trillion so‘mdan ortiq soliq to‘langan.
Ushbu umumiy summaning 215,9 milliard so‘mi, ya’ni jami tushumning 21,4 foizi eng ko‘p soliq to‘lagan 20 ta korxona hissasiga to‘g‘ri keladi. Mazkur korxonalarning umumiy tovar aylanmasi 2,8 trillion so‘mni tashkil etgan, ularga qo‘llanilgan soliq imtiyozlari esa 25 milliard so‘mga teng bo‘lgan.
Eng ko‘p soliq to‘lagan korxonalar reytingida birinchi o‘rinni «INTERNATIONAL FOODCHAIN» MChJ («KFC») 52,2 milliard so‘m bilan egallagan. Ikkinchi o‘rinni «MAK FOOD SERVIS» MChJ («Evos») 41,4 milliard so‘m bilan band etgan. «OQTEPA-FOOD SERVICE» MChJ («Oqtepa Lavash») esa 20 milliard so‘m soliq to‘lab, to‘rtinchi o‘rinni egallagan.
Reytingda uchinchi o‘rinni «KETRING» MChJ band etib, davlat budjetiga 24,8 milliard so‘m soliq o‘tkazgan. Beshinchi pog‘onadan esa «BELLISSIMO PIZZA INTERNATIONAL» MChJ 11,7 milliard so‘m bilan joy olgan.
Keyingi o‘rinlarda «GOOD FOOD CATERING», «SAVDO», «FEEDUP ECO», «ALEXANDER BRANDS» va boshqa umumiy ovqatlanish sohasidagi korxonalar qayd etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu 20 ta yirik soliq to‘lovchi sohadagi umumiy soliq tushumlarining sezilarli qismini ta’minlagan.
Eng yirik 20 ta korxona tomonidan to‘langan soliqlar tarkibida qo‘shilgan qiymat solig‘i yetakchilik qilib, uning hajmi 98,4 milliard so‘mni tashkil etgan.
Shuningdek, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha 57,9 milliard so‘m, ijtimoiy soliq bo‘yicha 28,2 milliard so‘m, foyda solig‘i bo‘yicha 27,7 milliard so‘m, boshqa soliqlar hisobiga esa 3,7 milliard so‘m davlat budjetiga yo‘naltirilgan.

