Mahalliy

«Jasadlar yonida jon saqlashimga to‘g‘ri keldi...» - urushdan omon qaytgan o‘zbekistonlik yigitning hikoyasi

U qamoqdan qutulish uchun urushga bordi, frontda dronlardan jasadlar orasiga kirib jon saqladi, so‘ng tumanli kunda 70 kilometrdan ortiq yo‘l bosib, qochishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo o‘limdan qochib chiqqan o‘zbekistonlik yigit endi vataniga qaytolmayapti: Rossiya uni kredit qarzi borligi vaji bilan chegaradan chiqarmayapti. O‘zi esa armiya hujjatlarida allaqachon o‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan deb qayd etilgan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.

**"Jasadlar orasida jon saqlashga majbur bo‘ldim..." – urushdan omon qolgan o‘zbekistonlik yigitning hikoyasi**

Qamoqdan qutulish ilinjida urushga ketgan, frontda dronlardan qochib, jasadlar orasida yashiringan, so‘ngra tumanli kunda 70 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tib, qochishga muvaffaq bo‘lgan o‘zbekistonlik yigit endi o‘z vataniga qayta olmayapti. Rossiya uni kredit qarzi borligi sababli mamlakatdan chiqarmayapti. Uning o‘zi esa armiya hujjatlarida allaqachon o‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan deb qayd etilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Xavfsizlik nuqtai nazaridan qahramonimizning ismi va hozirgi joylashuvi o‘zgartirildi. Uni shartli ravishda Ravshan deb ataymiz.

**Qamoqdan chiqish uchun urushga yozildi**

Ravshan 2021-yilda ishlash va oilasiga yordam berish maqsadida Rossiyaga borgan. U qurilish va ustachilik sohasida mehnat qilgan. 2024-yilda esa narkotik modda bilan bog‘liq jinoyatda ayblanib, 9 yil-u 6 oyga ozodlikdan mahrum etilgan.

U jinoyat tafsilotlarini oshkor etmagan bo‘lsa-da, o‘z aybini inkor etmaydi. "O‘zimni yaxshi inson qilib ko‘rsatmoqchi emasman. Xato qildim, adashdim. Bu yo‘lga kirishni hech kimga tavsiya qilmayman," – deydi u.

Ravshan jazoning ikki yilga yaqinini o‘tagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, koloniyada Ukrainadagi urushga borish taklifi bir necha bor bildirilgan. Dastlab rozi bo‘lmagan. Shundan so‘ng u qayta-qayta izolyatorga joylashtirilib, og‘ir sharoit va ruhiy bosimga duch kelganini aytmoqda.

"Har safar tekshiruvga kelishganda urushga borishni taklif qilishardi. Rad etsam, yana izolyatorda qoldirardi. Ovqatni yeb bo‘lmasdi, sharoit juda og‘ir edi. Oxiri u yerdan chiqishning boshqa yo‘li yo‘qligini tushundim."

Ravshanning ta’kidlashicha, u urushga pul topish uchun rozi bo‘lmagan. U koloniyadan chiqib, keyin biror yo‘l bilan qochish va O‘zbekistonga qaytishni rejalashtirgan.

"Oldimda yana yetti yildan ortiq qamoq bor edi. U yerda pulning qizig‘i qolmagandi. Faqat chiqishni, qochib, onamning oldiga qaytishni o‘yladim," – deydi Ravshan.

U urushga borish haqidagi hujjatlarga imzo qo‘ygan kuniyoq boshqa mahbuslar bilan samolyotda harbiy hududga olib ketilganini aytdi. Ular kazarmaga joylashtirilib, bir oy davomida tayyorgarlikdan o‘tkazilgan. Keyin frontga yuborilgan.

"Ariza yozganimdan keyin o‘zimni o‘limga topshirgandek his qildim. Go‘yo bu dunyo bilan u dunyo o‘rtasida turgandim," – deydi u.

**"Dronlar odamlardan ko‘p edi..."**

Ravshanning so‘zlariga ko‘ra, ular avval egallangan hududlardagi pozitsiyalarni qo‘riqlagan. U ukrain harbiylari bilan yuzma-yuz kelmagan. Asosiy xavf dronlardan bo‘lgan.

Frontdagi eng og‘ir manzara uning xotirasida jasadlar bilan bog‘liq bo‘lib qolgan.

"Dronlar juda ko‘p edi. Osmonni doim kuzatib turardi. Suv ichish yoki non topish uchun ham bemalol harakatlana olmasdik. Yerda turgan dron ham kamerasi orqali odamni ko‘rib, ko‘tarilib kelib urishi mumkin edi.

Besh metrcha narida o‘nlab jasad yotardi. Ayrimlarining tanasi parchalangan, ba’zilari yonib ketgan. Dronlardan qochib, jasadlar orasiga kirib jon saqlashga ham to‘g‘ri kelgan. Buni so‘z bilan ta’riflash qiyin," – deydi Ravshan.

Ravshan bir muddatdan keyin qochish uchun qulay vaziyat kuta boshlagan. Uning so‘nggi topshirig‘i taxminan 5 kilometr uzoqlikdagi nuqtaga borish bo‘lgan. Ammo ochiq maydon dronlar nazoratida edi.

O‘sha kuni hududni qalin tuman qoplagan. Ravshan bundan foydalanib, belgilangan yo‘nalishdan ortga qaytgan. Dastlabki 30 kilometrni harbiy kiyimda, qo‘lida avtomat bilan bosib o‘tgan.

Yo‘ldagi postlardan birida uni to‘xtatib, qayerga ketayotganini so‘rashgan. Ravshan boshqa harbiy bo‘linma nomini aytib, topshiriq bajarayotganini bildirgan va o‘tib ketgan.

U yo‘l-yo‘lakay qurol, harbiy kiyim va boshqa buyumlarini qoldirgan. O‘zini dron zarbasida halok bo‘lgandek ko‘rsatish uchun ayrim ashyolarini sindirib tashlaganini aytmoqda.

Ravshan 70 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tgach, telefonida aloqa paydo bo‘lgan. Shundan keyin avvaldan kelishilgan odamlarga xabar bergan. Ular mashinada kelib, uni harbiy hududdan olib chiqqan, kiyimini almashtirib, xavfsiz xonadonga joylashtirgan.

Ravshanning aytishicha, bular harbiy xizmatchi bo‘lmagan o‘zbekistonliklar edi. Ular xizmatlari uchun katta miqdorda pul talab qilgan. U urushda olgan mablag‘ni qochish va yashirinish uchun sarflagan.

**Qochishga muvaffaq bo‘ldi, ammo vatanga qaytolmayapti**

Ravshan 3-4 oydan beri Moskvaga yaqin hududlardan birida yashirinib yashamoqda. U O‘zbekiston konsulligidan Vatanga qaytish guvohnomasini olgan, chipta xarid qilib, aeroportga borgan. Ammo Rossiyadan chiqishiga cheklov qo‘yilgani aytilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, cheklov sababi Rossiyada olingan kredit qarzdorligi bilan bog‘liq. Ravshan qarzni to‘lagan, ammo cheklov bekor qilinmagan. Keyin yana bir mikromoliyaviy tashkilot orqali olingan qarz paydo bo‘lgan.

"Bu qarzni olganmanmi-yo‘qmi, aniq eslay olmayman. Oradan uch yil o‘tdi. Qamoqda va urushda bo‘lgan vaqtimda unga penya qo‘shilib ketgan bo‘lishi mumkin."

U quruqlikdagi chegara orqali chiqishga ham bir necha marta uringan. Har safar qarzdorlik borligi aytilib, ortga qaytarilgan.

Ravshan Rossiya harbiy tizimida hozir qanday maqomda ekanini bilmaydi. U topshiriqqa ketib, qaytib bormagan. Quroli va buyumlarini ham voqea joyida qoldirgan. Shu sabab uni halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan, deb qayd etishgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

"Agar harbiy qismdan qochganimni bilishganida, chegaraning o‘zida ushlab qolishardi deb o‘ylayman. Balki ular uchun men o‘lgan yoki bedarak yo‘qolganman. Lekin aniq bilmayman."

U doimiy ishlay olmayapti. Harbiylar yoki politsiya xodimlari shaxsini tekshirib, qo‘lga olishidan qo‘rqadi.

"Yigirma kunda bir marta ish chiqsa ishlayman. Topganim qornimni to‘ydirishga zo‘rg‘a yetadi. Bu yerda bir kunni o‘tkazish ham qiyin," – deydi u.

Ravshan O‘zbekistonning Rossiyadagi diplomatik vakolatxonasi, mahalliy hokimliklar va boshqa idoralarga murojaat qilganini aytdi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoq orqali bosh vazir o‘rinbosari Dilnoza Kattaxonovaga ham yozgan. Ammo hozircha uni vatanga qaytarish masalasi hal bo‘lmagan.

O‘zbekistonda esa yolg‘iz onasi, singillari va boshqa yaqinlari uni kutmoqda.

"Xato qildim, adashdim. Boshimdan o‘tganlar ko‘zimni ochdi. Hozir yagona maqsadim – vatanga, onamning oldiga qaytish. Boshqa maqsadim yo‘q."

Ravshanning qamoqdagi bosimlar, urushga jalb qilinishi, frontdan qochishi va Rossiyadan chiqishiga qo‘yilgan cheklov haqidagi gaplari uning shaxsiy bayonotiga asoslangan. Tahririyatda uning o‘zi va O‘zbekistondagi yaqinlari bilan bog‘lanish imkonini beruvchi ma’lumotlar mavjud.

Vakolatli idoralar uning vaziyatini o‘rganish va O‘zbekistonga qaytarish masalasida hamkorlik qilishga tayyor bo‘lsa, tahririyat zarur aloqa ma’lumotlarini taqdim etishi mumkin.

migratsiyadeportatsiyainson huquqlarirossiya-ukraina urushio'zbekistonlik mahbusfrontdan qochishrossiyadan chiqish cheklovikredit qarzi