Mahalliy

Tustovuq sabab dronlar hujumiga uchragan, Ukrainadagi urushdan qochib, O‘zbekistonga noqonuniy o‘tgan shaxsga sud hukmi o‘qildi

Ukrainadagi urushdan qochib, O‘zbekistonga noqonuniy yo‘llar bilan o‘tgan, Rossiyada giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatda ayblanib, frontga yuborilgan va u yerda og‘ir yaralangan 25 yoshli shaxsga sud hukmi o‘qildi. Bu shaxsning taqdiri "Daryo" nashri tomonidan o‘rganilgan sud hujjatlarida batafsil bayon etilgan.

Hujjatlarga ko‘ra, 2001-yilda Shahrisabz tumanida tug‘ilgan M.A. 2024-yil avgust oyida otasi bilan Rossiyaning Ivanovo viloyatiga ishlash uchun borgan. Mehnat patentini rasmiylashtirmagani sababli doimiy ish topa olmagan va mavsumiy, kunlik ishlarda ishlab yurgan.

2025-yil mart oyida Telegram orqali Yoqutistonda kuryerlik ishi taklif qilingan. Kuniga 20 ming rubl vaʼda qilingach, M.A. bunga rozi bo‘lgan. U ish beruvchi yuborgan koordinatalar bo‘yicha qutilarni bir manzildan ikkinchi manzilga yetkazib turgan. Ish beruvchi qutilarda qimmatbaho buyumlar borligini va ularni ochsa, zararni o‘zi qoplashi kerakligini aytgan. Bir oyga yaqin ishlagach, navbatdagi topshiriqni bajarib, qutini do‘kon yonida qoldirib ketayotganida politsiya xodimi uni to‘xtatgan va qutini ochishni talab qilgan.

Suddagi ko‘rsatmasiga ko‘ra, M.A. qutini ochmaslikka uringan, biroq rus tilini yaxshi bilmagani uchun vaziyatni tushuntira olmagan. Quti ochilgach, ichidan uch dona ko‘k rangli kukunsimon modda chiqqan. M.A. avval bunday moddani ko‘rmaganini va uni kir yuvish kukuni deb o‘ylaganini aytgan. Keyinchalik unga bu "Sol" nomli sintetik giyohvand modda ekani maʼlum qilingan.

Shundan so‘ng u qo‘lga olinib, tergovga jalb etilgan. M.A.ning aytishicha, tergov davomida u elektroshoker bilan qiynoqqa solingan, kaltaklangan va bir necha kun hibsxonada ushlab turilgan.

Dastlab M.A.ga nisbatan Rossiyada giyohvand moddalar bilan bog‘liq ish yuzasidan sud jarayoni boshlangan. Advokati uning aybiga iqror bo‘lgani va tergov bilan hamkorlik qilgani sababli yengillik bo‘lishini aytgan. Oradan ko‘p o‘tmay, unga yana bir necha hujjatlarga imzo qo‘ydirishgan. M.A.ning ko‘rsatishicha, keyinroq bu hujjatlar Rossiya Mudofaa vazirligi bilan bir yillik harbiy xizmat shartnomasi ekanini bilgan.

15-iyul kuni navbatdagi sud majlisi vaqtida ikki nafar harbiy sud zaliga kirib, M.A. Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolaganini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etgan. Sud ertasi kuni yana davom etishi aytilgan. Ammo o‘sha kuni tungi soat ikki atrofida harbiylar M.A.ni vaqtincha saqlash hibsxonasidan olib chiqib ketgan. U yana bir necha mahkum bilan birga aeroportga olib borilib, harbiy samolyotda Xabarovskka jo‘natilgan. U yerda yuzlab odamlar bilan birga harbiy lagerga joylashtirilgan.

**"Tustovuq sabab sezib qolishdi"**

M.A. dastlab qurol olish va harbiy xizmatni o‘tashdan bosh tortgan. Shundan so‘ng u uch kun davomida alohida joyda saqlanib, Rossiya armiyasi safida xizmat qilishga majburlashgan. Keyinchalik unga harbiy kiyim va qurol berilib, tayyorgarlik mashg‘ulotlariga jalb qilingan.

Harbiy tayyorgarlikdan so‘ng M.A. 2025-yil 8-sentyabr kuni Zaporojye yo‘nalishidagi jangovar hududga yuborilgan. Ularning avtomashinasi front chizig‘iga yaqinlashganda Ukraina harbiy droni tashlagan snaryad portlab, texnika ishdan chiqqan. Shundan so‘ng harbiylar okoplarga joylashgan.

M.A. safdoshlari bilan bir hafta davomida okoplarda yashagan. Ular avvalroq jang qilgan harbiylardan qolgan oziq-ovqatlarni yig‘ib isteʼmol qilgan. 16-sentyabr kuni och qolgani sababli atrofda yurgan tustovuqqa o‘q uzgan.

"Bir haftadan buyon okopda yashayotgandik. Oldingi askarlardan qolgan oziq-ovqatlarni topib kun ko‘rardik. O‘sha kuni qornim juda och edi. Atrofda yurgan tustovuqni ko‘rib, unga qarata o‘q uzdim. Oradan ikki-uch daqiqa o‘tgach, Ukraina harbiylari joylashuvimizni bilib qoldi va biz tomonga "Babayaga" dronlari uchib keldi. Ketma-ket yondiruvchi o‘qlar yog‘ildi, atrof tutun va porox hidiga to‘lib ketdi. Daraxtlar orasiga yashirinishga uringanimda yonimda snaryad portladi. Qorin, o‘ng oyog‘im, chap yelkam va boshimdan og‘ir yaralanib, to‘rt-besh soat hushsiz yotdim", deydi M.A. suddagi ko‘rsatmasida.

Jarohatlangan M.A. avval dala gospitaliga, keyinchalik Samara va Rostovdagi harbiy gospitallarga olib borilgan. Tibbiy tekshiruvda uning chap qulog‘i eshitmay qolgani aniqlangan.

**Qochish rejasi**

Ish hujjatlarida qayd etilishicha, M.A. yana frontga yuborilishini bilgach, 2025-yil 11-oktyabr kuni Samaradagi harbiy gospitaldan qochgan. U taksichilar va mahalliy aholi yordamida Rossiya—Qozog‘iston chegarasiga yetib borgan.

Chegarada ikki o‘g‘li urushda halok bo‘lgan qariya uni motosiklda aylanma yo‘llar orqali Qozog‘iston hududiga olib o‘tgan. Pasporti bo‘lmagani sababli M.A. O‘zbekistonga rasmiy chegara posti orqali kira olmagan. Shundan so‘ng u avval qochishiga yordam bergan taksichi bilan yana bog‘langan. Taksichi uni chegara yaqinidagi choyxonaga olib borib, tanishi bilan uchrashtirgan. Ular M.A.ga Toshkent tumani Keles hududidagi kanal orqali O‘zbekistonga o‘tish yoki soxta pasport tayyorlatish mumkinligini aytgan. Biroq soxta pasport bilan qo‘lga tushsa, Rossiyaga qaytarib yuborilishi mumkinligini bildirgan.

Shundan so‘ng M.A. kanal orqali o‘tishga qaror qilgan. 2025-yil 2-noyabr kuni tungi soat 02:40 atrofida kiyimlarini salafan paketga solib, sovuq suvga tushgan. U oqimga qarshi suzib, ko‘prik va simto‘siqlar ostidan sho‘ng‘ib o‘tgan. Taxminan yarim soat suv ichida harakatlanib, O‘zbekiston hududiga noqonuniy kirgan.

Otasi bilan telefon orqali muntazam aloqada bo‘lib turgan M.A. O‘zbekistonga kirganidan so‘ng uyiga yetib borishini aytgan. Biroq Shahrisabzdagi uyiga qaytganidan ko‘p o‘tmay DXX va IIB xodimlari tomonidan ushlangan.

Sud M.A.ni Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismida (yollanish) nazarda tutilgan chet davlat qurolli tuzilmasi safida xizmat qilganlikda aybdor deb topdi. Urushda og‘ir tan jarohati olganini inobatga olib, JKning 57-moddasini qo‘llab, unga 4 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.

sud hukmiharbiy xizmatrossiya-ukraina urushiyollanishgiyohvand moddalarnoqonuniy chegara o'tishqiynoqlaro'zbekiston fuqarosi