Janubiy Koreyada talablar AQSH harbiy bazasiga bostirib kirdi (video)

Janubiy Koreyada talabalar AQSH harbiy bazasiga bostirib kirdi (video)
Janubiy Koreyada sakkiz nafar talaba Amerika Qo‘shma Shtatlari harbiylari joylashgan havo bazasiga ruxsatsiz kirishda ayblanib hibsga olindi. Ular bazaga kirish chog‘ida Amerikaga qarshi shiorlarni baland ovozda aytganlar. Bu haqda ABC News mamlakat huquq-tartibot idoralariga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, to‘rt nafar yigit va to‘rt nafar qizdan iborat guruh poytaxt Seul yaqinidagi Osan aviabazasiga noqonuniy ravishda kirgan. Dastlab ularni AQSH harbiy xizmatchilari qo‘lga olgan, keyinchalik talabalar Janubiy Koreya politsiyasiga topshirilgan.
Politsiyaning bildirishicha, talabalarga nisbatan harbiy obyektlarni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun bo‘yicha tergov olib borilmoqda. Tergov davomida ularning barchasi ko‘rsatma berishdan bosh tortgan va sukut saqlash huquqidan foydalangan. Ular bazada "AQSHning 7-havo kuchlarini tor-mor qilaylik!" degan shiorlarni aytib baqirgan.
AQSH harbiylari bayonot berib, guruhning asosiy darvoza orqali bazaga noqonuniy kirishga uringanini tasdiqladi. "AQSH harbiy obyektlariga ruxsatsiz kirishga bo‘lgan har qanday urinishga juda jiddiy qaraladi", deyiladi bayonotda.
Shuningdek, hodisa AQSH va Janubiy Koreya qonunlari hamda tartib-qoidalari asosida ko‘rib chiqilishi ta’kidlandi. "Koreya progressiv universitet talabalari ittifoqi" Facebook’dagi sahifasida ushlanganlar ushbu tashkilot a’zolari ekanini ma’lum qildi. Talabalar AQSH harbiylarining Janubiy Koreyadagi yarimo‘tkazgichlar klasteri loyihasiga norozilik bildirmoqchi bo‘lgani aytilmoqda.
Janubiy Koreya politsiyasi ushbu bayonotga izoh berishdan bosh tortdi. Amerikalik harbiylar ham bu masalaga to‘xtalmadi. Yonhap axborot agentligining xabar berishicha, AQSH tomoni yarimo‘tkazgich loyihasi sababli ko‘chirilishi rejalashtirilgan harbiy aeroportdan manfaatdorligini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, Janubiy Koreyada Shimoliy Koreyadan keladigan potensial tajovuzning oldini olish maqsadida taxminan 28 500 nafar AQSH askari joylashtirilgan. Bu 1950–1953-yillardagi Koreya urushi oqibatidir. Urush tinchlik shartnomasi bilan emas, sulh bitimi bilan yakunlangan.
2019-yilda ham Janubiy Koreya politsiyasi AQSH elchisining Seuldagi qarorgohiga noqonuniy kirgan to‘rt nafar talabani hibsga olgan edi. Ular o‘shanda Tramp administratsiyasining harbiy xarajatlarni oshirish talabiga qarshi norozilik bildirgan.

