Dunyo

Ispaniyaga dengiz orqali 3000 muhojir bostirib kirdi (video)

**Ispaniyaga dengiz orqali 3000 nafar muhojir kirib keldi (video)**

30-iyul kuni minglab migrantlar Marokash hududidan suzib o‘tib, Ispaniyaning Shimoliy Afrikadagi Seuta anklaviga bostirib kirdi. Ispaniya Fuqarolik gvardiyasining ma’lumotlariga ko‘ra, politsiya xodimlari vaziyatni nazorat qila olmayapti.

Fuqarolik gvardiyasi matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, migrantlar Tarajal to‘lqinqaytargichi orqali dengizdan ommaviy ravishda kirib kelmoqda. Biroq ularning aniq sonini hozircha aytishning imkoni yo‘q.

Shu bilan birga, TVE davlat televideniyesi 2000 dan 3000 gacha yoshlar chegaradan o‘tganini ma’lum qildi. EFE davlat axborot agentligi esa ayrimlarning chegara devorlaridan oshib o‘tganini ta’kidladi.

Seuta hamda Ispaniyaning Shimoliy Afrikadagi boshqa bir muxtor shahri – Melilya Yevropa Ittifoqining Afrika bilan yagona quruqlikdagi chegarasi hisoblanadi. Har ikki shaharda Yevropaga yetib olishni xohlaydigan migrantlar tomonidan chegarani buzib o‘tishga urinishlar vaqti-vaqti bilan keskin ko‘payib turadi.

Tasvirlarda hududga kirib kelayotgan migrantlarning ba’zilari “Yashasin Ispaniya” deb hayqirayotganini ko‘rish mumkin. Ularning ko‘pchiligi Marokash tomonidan rezina va boshqa turdagi suzish vositalaridan foydalanib suzib o‘tgan.

Migrantlar huquqlari bo‘yicha faol Zakariyo Zarroqiyning aytishicha, payshanba kungi holat 2021-yilning may oyida sodir bo‘lgan voqeaga o‘xshaydi. O‘shanda bir necha kun ichida 10 000 ga yaqin marokashlik va Sahroyi Kabirdan janubdagi afrikalik yoshlar anklavga kirgan edi.

“Hozir ham vaziyat nazoratdan chiqqanicha qolmoqda”, dedi Zarroqiy. Uning qo‘shimcha qilishicha, odamlar Seutaga o‘tish maqsadida Marokashning Fnidek shahriga hali ham oqib kelmoqda.

Iyul oyi boshida Ispaniya Oliy sudi qaror chiqargan edi. Unga ko‘ra, Seuta yoki Melilyaga yetib olishga urinish paytida dengizda ushlangan migrantlar ortga qaytarilishi mumkin emas.

“Oliy sud qaroridan keyin migrantlar oqimi sekin-asta davom etayotgan edi, ammo bugun haqiqiy portlash sodir bo‘ldi”, dedi Fuqarolik gvardiyasi vakili Reuters agentligiga.

Payshanba kuni ertalab Seuta rahbari Xuan Hesus Vivas milliy hukumatni ommaviy oqim sababli favqulodda holat e’lon qilishga chaqirdi. Seuta mintaqaviy hukumati X’dagi xabarida Madriddan xavfsizlikni kafolatlash va Marokash bilan chegarani yopish uchun armiya so‘radi.

Ispaniya Ichki ishlar vazirligi noqonuniy migratsiya ko‘payishiga qarshi kurashish uchun Marokash bilan yaqindan hamkorlik qilayotganini bildirdi. Vazirlik noqonuniy migratsiyani rag‘batlantirishda va Oliy sud qaroridan o‘z manfaatlarida foydalanishda odam savdosi tarmoqlarini aybladi. Marokash Ichki ishlar vazirligi ushbu holat bo‘yicha izoh bermadi. Avvalroq Ispaniya va Gibraltar o‘rtasidagi chegara nazorati bekor qilingani haqida xabar berilgandi.

ispaniyayevropa ittifoqiqochqinlarmigratsiyanoqonuniy migratsiyaseutamarokashchegara