Sport

Infantino kichik davlatlar ko‘magiga tayanib FIFA prezidentligini saqlab qolmoqchi

Janni Infantino FIFA prezidenti lavozimini saqlab qolish uchun futboli rivojlangan yirik davlatlardan ko‘ra, tashkilotning moliyaviy yordamiga muhtoj kichik mamlakatlarga suyanishga majbur bo‘lmoqda. Jahon chempionati va FIFA huquqlarining bir qismini xususiy investorlarga sotish bo‘yicha muvaffaqiyatsiz taklifdan so‘ng, qit’a konfederatsiyalari – UEFA va KONKAKAF Infantinoga ishonchsizlik bildirishdi.

Uels futbol federatsiyasi Infantinoni qo‘llab-quvvatlashdan rasman voz kechgan birinchi tashkilot bo‘ldi. Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) esa 56 yoshli shveysariyalik mutaxassisga nisbatan huquqiy choralar ko‘rishni ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.

Muxolifat Infantinoni lavozimidan chetlatish uchun navbatdan tashqari Kongress (EC) chaqirishi mumkin. Buning uchun FIFAga a’zo 211 davlatning kamida 20 foizi yozma talab bilan chiqishi kerak. Kongress so‘rov tushganidan so‘ng uch oy ichida o‘tkazilishi shart, bu esa raqobatchi nomzodlar paydo bo‘lishi uchun yetarli vaqt beradi. Agar 55 ta a’zoga ega UEFA bir ovozdan qaror qabul qilsa, tashkilotning o‘zi yakka holda navbatdan tashqari Kongress chaqirish vakolatiga ega.

Biroq, Kongressda Infantinoni iste’foga chiqarish oson bo‘lmaydi. Futboldagi moliyaviy va rivojlanish darajasidagi ulkan tafovutlarga qaramay, FIFAga a’zo barcha 211 davlat teng bittadan ovozga ega.

Shu sababli, Infantino o‘z lavozimini saqlab qolishda Fransiya, Ispaniya yoki Angliya kabi futbol gigantlariga emas, asosan Butan va Vanuatu kabi davlatlarga tayanishga majbur. Chunki Jahon chempionatida hech qachon ishtirok etmagan bu kabi kichik mamlakatlar futbolni rivojlantirishda to‘liq FIFA yordamiga qaram hisoblanadi. 2023—2026-yillar siklida har bir a’zo davlat futbolni rivojlantirish dasturlari uchun 3 million dollargacha mablag‘ olishi belgilangan (bu oldingi sikldan 1 million dollarga ko‘p). Bu mablag‘ boy davlatlar uchun arzimagan chaqa bo‘lsa-da, qashshoq mamlakatlar uchun katta summa hisoblanadi.

FIFA tizimi qanday ishlashiga Vanuatu yaqqol misol bo‘la oladi. Jahon reytingida 160-o‘rinni egallab turgan ushbu davlat futbol assotsiatsiyasi rahbari Lambert Maltok FIFA Ijroiya qo‘mitasida 8 ta vitse-prezidentdan biri hisoblanadi. FIFA 340 ming aholiga ega bo‘lgan ushbu orol mamlakatiga 6 500 o‘rinli stadion qurish uchun 4,15 million dollar ajratgan va inshoot 2022-yilda bitkazilgan.

Bunday moliya oqimlari Osiyo, Afrika, Karib havzasi va Tinch okeani mintaqalarida keng tarqalgan bo‘lib, FIFA grantlari evaziga ushbu davlatlarda maydonlar, sport zallari va futbol dasturlari ishga tushiriladi. Tanqidchilarga ko‘ra, bu tizim Infantinoga pul evaziga o‘z lavozimini saqlab qolish uchun kerakli qo‘llab-quvvatlashni “sotib olish” imkonini bermoqda. Shu bois, amaldagi prezidentga qarshi birlashish deyarli imkonsiz bo‘lib qolmoqda.

kichik davlatlarmoliyaviy yordamuefafutbol rivojlanishififaprezidentlik saylovlariishonchsizlik votumigianni infantino