Infantino atrofida yangi mojaro: u UYeFAda ishlagan vaqtida ma’shuqasiga katta pul to‘lashda ayblanmoqda
UYeFAdagilar barchasini tasdiqlagan, FIFA rad etmoqda.

Jianni Infantino atrofida yangi mojaro yuzaga keldi: u UYeFAda ishlagan vaqtida ma’shuqasiga katta miqdorda pul to‘laganlikda ayblanmoqda.
FIFA prezidenti Jianni Infantino yana bir mojaroning markazida qoldi. Bu safar, The Telegraph nashrining yozishicha, shveytsariyalik amaldor UYeFAda ishlagan davrida tashkilot byudjetidan o‘z ma’shuqasiga homiylik qilgan.
**"Tuhmatli ayblov"**
Britaniya nashrining xabar berishicha, Infantino UYeFAda faoliyat yuritgan paytida o‘z qo‘l ostidagi ayol xodim bilan ishqiy munosabatda bo‘lgan. Ayolning shaxsi materialda oshkor etilmagan.
Infantinoning homiyligi tufayli ayolning lavozimi ko‘tarilgan va maoshi 30 foizga oshgan. Bu holat hamkasblar orasida, jumladan, o‘sha paytdagi UYeFA prezidenti Mishel Platini orasida savollar tug‘dirgan. Xabarda aytilishicha, aynan Platinining e’tirozidan so‘ng Jianni ma’shuqasini ishdan bo‘shatishga rozi bo‘lgan.
Shu bilan birga, ishdan ketganidan keyin UYeFA tomonidan o‘sha ayolga olti raqamli summada kompensatsiya to‘langan, shuningdek, MBA dasturi bo‘yicha biznes maktabidagi o‘qishi moliyalashtirilgan (yiliga 45 ming funt sterling).
Ta’kidlanishicha, Infantino o‘z aloqalaridan foydalanib, uni shu sohada boshqa bir yuqori maoshli lavozimga ishga joylashtirishga ham harakat qilgan.
UYeFA vakili The Telegraph bilan suhbatda o‘sha xodimning Infantino bilan munosabatda bo‘lganini tasdiqlagan, shuningdek, ayolga tovon to‘langanini tan olgan. Shu bilan birga, bu to‘lov o‘sha vaqtda amalda bo‘lgan standart tartib bo‘yicha amalga oshirilganini qayd etgan.
"Ha, tegishli shaxsga ishdan bo‘shatilganda kompensatsiya berilgan, shuningdek, MBA dasturi bo‘yish o‘qish uchun pul to‘langan. Hammasi o‘sha paytda ishdan bo‘shayotgan xodimlar uchun amal qilgan qoidalarga mos kelardi. Ular 2016-yildan beri kuchaytirilgan", – deya izohlaydi The Telegraph suhbatdoshi.
FIFA esa, aksincha, bu ma’lumotni qat’iyan rad etgan. "Prezident bu ayblovlarni qat’iyan rad etadi. Ular haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Nomaqbul xatti-harakatlar yoki nizom yoki qoidalarni buzishga oid har qanday ishoralar tuhmat hisoblanadi. UYeFA yoki FIFAning hech bir xodimi hech qachon janob Infantinoning xatti-harakatlari ustidan shikoyat qilmagan, chunki u bilan bog‘liq hech qanday voqea sodir bo‘lmagan", – deydi tashkilot vakili.
Ma’lumot uchun, shveytsariyalik amaldor 2001-yilda uylangan – u rafiqasi Lina Al-Ashkar bilan to‘rt farzandni tarbiyalaydi.
**Muammo ortidan muammo**
Yangi mojaro Infantino shusiz ham mushkul ahvolda qolgan bir paytda avj oldi. FIFAning turnirlar huquqlarini sotish uchun yangi tijorat tuzilmasi – FIFA Forward Enterprise (FFE)ni tashkil etish g‘oyasi UYeFA bilan o‘rtada jiddiy mojaro keltirib chiqargandi. Bu loyihaga ko‘ra, aksiyalarning bir qismini xususiy investorlarga sotish rejalashtirilgandi, bu aksiyalar uchun esa Donald Trampning kuyoviga aloqador firma asosiy da’vogar sifatida ko‘rilayotgandi.
Bu g‘oya keskin e’tirozlarga sabab bo‘ldi – ko‘plab yirik xalqaro federatsiyalar, jumladan, UYeFA, KONMeBOL va KONKAKAF uni tanqid qilib chiqdi. Buning natijasida shveytsariyalik amaldor bu g‘oyadan voz kechdi, ammo allaqachon kech bo‘lgandi – yevropaliklar endi uning iste’fosini talab qila boshladi.
OAV ma’lumotiga ko‘ra, Infantino endi AQSh prezidenti Donald Trampning qo‘llovidan umid qilmoqda. Ammo ishqiy munosabatlar tarixi ochilganida u Infantinoga yordam qo‘lini cho‘zishi dargumon.

