Ilon Maskning raketasi bugun Oyga urilishi kutilmoqda

**Ilon Maskning raketasi bugun Oyga qulashi kutilmoqda**
2025-yildan beri koinotda harakatlanib kelayotgan SpaceX raketasining bir qismi 5-avgust kuni Oyga yuqori tezlikda borib urilishi kutilmoqda. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Maktab avtobusi kattaligidagi ushbu obyekt 2025-yil yanvarida Oyga apparat uchirgan SpaceX Falcon 9 raketasining ikkinchi bosqichidir. To‘rt metrik tonna (4000 kg) og‘irlikdagi raketa bo‘lagi Toshkent vaqti bilan taxminan soat 11:35 da (Grinvich bo‘yicha 06:35) Oyga tushishi kerak. U Yerning tabiiy yo‘ldoshi yuzasiga soatiga 8 690 kilometr tezlikda uriladi.
SpaceX bu to‘qnashuv tasodifan yuz berayotganini ma’lum qildi. Raketa bo‘lagi Oyning g‘arbiy qismidagi Eynshteyn krateriga urilishi taxmin qilinmoqda.
**Raketa bo‘lagi nega Oyga urilmoqda?**
Odatda raketa bo‘lagi o‘z yukini orbitadagi belgilangan nuqtaga yetkazgandan so‘ng Yer atmosferasiga qaytib tushadi, yonib ketadi yoki okeanga qulaydi.
Ammo yanvar oyidagi Oyga qo‘nish missiyasi Yerga yaqinroq missiyalarga qaraganda ko‘proq kuch talab qilgani sababli raketa bo‘lagi koinotda qolib, minglab boshqa kosmik chiqindilar orasida maqsadsiz uchib yurdi.
“Aslini olganda, Quyosh faolligi va tortishish kuchlarining aralashmasi uni Oyga tomon yo‘naltirgan”, dedi SpaceX’ning NASA ilmiy dasturlari hamda Dragon dasturi bo‘yicha direktori Julianna Sheyman.
“Bu, ehtimol, uncha katta bo‘lmagan ilmiy qiziqish uyg‘otishi va undan ba’zi narsalarni o‘rganishimiz mumkin. Bu hech kimga xavf tug‘dirmaydi, garchi bu qolgan kosmik chiqindilar qanday yo‘q qilinishiga e’tiborsizlikni ko‘rsatsa-da”, dedi astronomiyada keng qo‘llaniladigan dasturiy taʼminot yaratuvchisi Bill Grey.
**Oy yuzasidagi avvalgi halokatlar va tadqiqotlar**
Oyga kosmik chiqindilarning tushishi kamdan-kam uchraydi. Xitoy raketasining bo‘lagi 2022-yil mart oyida sinov missiyasini yakunlagach, Oyga urilgan edi. 2009-yilda NASA Oydan ko‘tariladigan moddalarni o‘rganish maqsadida raketa bo‘lagini qasddan Yerning tabiiy yo‘ldoshiga urgan.
So‘nggi yillarda Oyga yumshoq qo‘nmoqchi bo‘lgan bir nechta kosmik apparat halokatga uchradi. Rossiyaning “Luna-25” stansiyasi 2023-yilda nazoratdan chiqib, qulab tushdi. Uning plutonium-238 dan iborat kichik quvvat manbayi Oy sirtida bezarar holatda qolmoqda.
Hindistonning “Chandrayaan-2” qo‘nish apparati esa 2019-yilda halokatga uchragan. Isroilning “Beresheet” qurilmasi bilan ham shunday holat kuzatilgandi. Isroil apparati tashigan yuklar orasida radiatsiya va boshqa og‘ir muhitlarga chidamli, hali ham Oy yuzasida bo‘lishi mumkin bo‘lgan mikroskopik jonzotlar (tardigradlar) ham bor edi.
NASA 1970-yillarda zarbalarning seysmik ta’sirini o‘rganish uchun “Saturn V” raketa bosqichini ataylab Oyga qulatgan.
“NASA va SpaceX kelajakda Oyga nisbatan bunday zarbalarning oldini olish yo‘llarini muhokama qilmoqda”, dedi Sheyman.
AQSH kosmik agentligi o‘zining ko‘p milliard dollarlik “Artemida” dasturi doirasida Oyda baza qurishni va muntazam astronavtlar missiyasini yuborishni rejalashtirmoqda.

