Texnologiya

“Fazo va atom bombasi”. Kosmosda yadro qurollarini aniqlash bo‘yicha yangi yechim taklif etildi

"Fazo va atom bombasi": Kosmosda yadro qurollarini aniqlashning yangi usuli taklif etildi

Massachusets texnologiyalar instituti (MIT) professori Areg Danagoulian Yer orbitasidagi sun'iy yo‘ldoshlarda yadro qurollari borligini masofadan aniqlash imkonini beruvchi yangi g‘oyani ilgari surdi. Bu tadqiqot nufuzli "Nature" ilmiy jurnalida chop etildi.

1967-yilda qabul qilingan "Kosmos to‘g‘risida"gi shartnoma Yer orbitasi, Oy va boshqa osmon jismlariga yadro qurollarini joylashtirishni taqiqlaydi. Bugungi kunga qadar 118 ta davlat ushbu shartnomaga qo‘shilgan. Biroq, uning asosiy kamchiligi shundaki, sun’iy yo‘ldoshda yadro quroli bor yoki yo‘qligini ishonchli tekshirishning amaliy usuli mavjud emas.

2024-yilda AQSH rasmiylari Rossiya kelajakda kosmosga yadro qurolini olib chiqishga mo‘ljallangan sun’iy yo‘ldosh ustida ishlayotgan bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirganidan so‘ng, bu masala yanada dolzarblashdi. Ushbu bayonot rossiyaliklar 2022-yilda "Kosmos-2553" sun’iy yo‘ldoshini uchirishi ortidan e’lon qilingan edi. Rossiya ushbu apparat ilmiy va kuzatuv missiyalarini bajarishini bildirgan bo‘lsa, Vashington uni fazoga yadroviy qurolni olib chiqish bo‘yicha sinov dasturi bilan bog‘lagan.

Mutaxassislarning fikricha, agar yadro kallagi past Yer orbitasida portlatilsa, uning oqibatlari faqat bitta hudud bilan cheklanib qolmaydi. Portlash natijasida hosil bo‘ladigan ulkan miqdordagi yuqori energiyali elektronlar sayyora magnit maydonida uzoq vaqt saqlanib, ko‘plab sun’iy yo‘ldoshlarning elektron tizimlarini ishdan chiqarishi mumkin. Bu esa aloqa tizimlari, GPS navigatsiyasi, sun’iy yo‘ldosh interneti, meteorologik kuzatuv va harbiy kosmik infratuzilmaga jiddiy zarar yetkazadi.

**Tarixiy saboq**

Bunday xavf nazariy emas, balki qimmatga tushgan tajriba bilan isbotlangan. 1962-yilda AQSH fazoda 1,4 megatonnali termoyadro kallagini portlatgan. Sinov natijasida hosil bo‘lgan radiatsiya bir nechta sun’iy yo‘ldoshlarning ishdan chiqishiga sabab bo‘lgan. Hatto voqea joyidan 1400 km uzoqlikdagi Gavayi orollarida ko‘cha chiroqlari o‘chib qolgan, telefon aloqasi esa uzilgan. Aynan shu tajriba keyinchalik fazoda yadroviy qurollarni taqiqlash bo‘yicha xalqaro kelishuvlar qabul qilinishiga turtki bergan.

Danagoulian taklif qilayotgan tizim maxsus inspektor sun’iy yo‘ldoshidan foydalanishga asoslangan. U shubhali sun’iy yo‘ldoshga yaqin orbitada harakatlanib, uran yoki plutoniy kabi radioaktiv materiallarga kosmik nurlar urilganda hosil bo‘ladigan neytronlarni qayd etadi. Oddiy sun'iy yo‘ldoshlar bunday kuchli neytron oqimini hosil qilmaydi. Shu sababli sensorlar qayd etgan ma’lumotlar apparatda yadro materiali mavjud yoki mavjud emasligini aniqlashga yordam berishi mumkin.

Tizimning yana bir muhim jihati shundaki, u tabiiy kosmik radiatsiya bilan yadro materialidan chiqayotgan neytronlarni bir-biridan ajrata olishi kerak. Professor buning uchun maxsus neytron sensorlari va sun’iy olmos detektorlaridan foydalanishni taklif qilmoqda. Bu esa noto‘g‘ri xulosalar chiqarish ehtimolini kamaytiradi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, agar inspektor sun’iy yo‘ldoshi shubhali apparatdan taxminan 4 kilometr masofada bir hafta davomida kuzatuv olib borsa, yadro quroli haqida 99 foiz aniqlik bilan xulosa berishi mumkin. Agar masofa 1 kilometrgacha qisqartirilsa yoki bir vaqtning o‘zida bir nechta inspektor sun’iy yo‘ldoshi ishga solinsa, aniqlash vaqti bir necha soat, ayrim holatlarda esa taxminan bir soatgacha qisqarishi mumkin.

Professor Danagoulian ushbu loyiha hali tayyor texnologiya emasligini alohida ta’kidladi. Uning aytishicha, bu ilmiy hisob-kitoblarga asoslangan konsepsiya bo‘lib, loyihani realizatsiya qilish uchun qo‘shimcha tadqiqotlar va tajribalar talab etiladi. Olimning umid qilishicha, mazkur tashabbus milliy laboratoriyalar va boshqa ilmiy markazlarni ushbu yo‘nalishda izlanishlarni davom ettirishga undaydi.

Professorning fikricha, agar kelajakda bunday tizim amalda qo‘llanila boshlasa, u "Kosmos to‘g‘risida"gi shartnoma talablariga rioya etilishini nazorat qilishning muhim vositasiga aylanishi mumkin.

“Razvedka ma’lumotlarini soxtalashtirish mumkin, ammo fizika qonunlarini aldab bo‘lmaydi”, deydi Areg Danagoulian.

Professor uning taklifi davlatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash, kosmosning harbiylashtirilishini cheklash hamda butun dunyo foydalanayotgan sun’iy yo‘ldosh infratuzilmasini himoyalashga xizmat qilishidan umidvor.

nuclear non-proliferationspace nuclear weaponssatellite inspectionspace securitymit researchneutron detectionspace militarizationarms control