Samarkand-2028 sun’iy yo‘ldoshi 5-avgust kuni uchiriladi
5-avgust kuni Xitoyning Star Vision kompaniyasi Samarkand-2028 va Lampung-1 giperspektral sun’iy yo‘ldoshlarini koinotga uchiradi. Uchirish Toshkent vaqti bilan soat 07:00—09:00 oralig‘ida amalga oshiriladi. Samarkand-2028'ga Uzcosmos mutaxassislari ishlab chiqqan sun’iy intellekt moduli o‘rnatilgan.

Samarqand-2028 sun'iy yo'ldoshi 5-avgust kuni uchiriladi
5-avgust kuni Xitoyning Star Vision kompaniyasi tomonidan "Samarqand-2028" giper spektral sun'iy yo'ldoshi uchiriladi. Bu haqda Uzcosmos agentligi xabar berdi. Yer yuzasini masofadan zondlashga mo'ljallangan ushbu sun'iy yo'ldosh Xitoyning Shandun viloyati sohillari yaqinidagi dengiz start platformasidan Toshkent vaqti bilan soat 07:00 dan 09:00 gacha bo'lgan vaqt oralig'ida orbitaga chiqariladi. Shu bilan birga, "Lampung-1" sun'iy yo'ldoshi ham uchiriladi.
"Samarqand-2028" sun'iy yo'ldoshiga Uzcosmos mutaxassislari tomonidan yaratilgan sun'iy intellekt moduli o'rnatilgan. Bu modul giper spektral ma'lumotlarni bevosita orbitada qayta ishlash imkonini beradi va Yer yuzasini masofadan zondlash samaradorligini sezilarli darajada oshiradi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, olingan ma'lumotlar qishloq xo'jaligi, ekologiya, tabiiy resurslar monitoringi va boshqa sohalarda qo'llanilishi rejalashtirilgan.
Sun'iy yo'ldoshlarni orbitaga olib chiquvchi raketa-tashuvchi allaqachon start kemasi bortiga joylashtirilgan va uchirish hududi tomon yo'l olgan.
O'zbekiston va Xitoyning Yer yuzasini masofadan zondlashga mo'ljallangan sun'iy yo'ldoshni hamkorlikda uchirish rejalari 2025-yil noyabr oyida, Uzcosmos agentligi Star Vision kompaniyasi bilan strategik memorandum imzolaganida ma'lum qilingan edi.
"Samarqand-2028" nomi 2028-yilda Samarqand shahrida Xalqaro astronavtika kongressi (IAC) o'tkazilishi haqidagi qaror sharafiga tanlangan.
Eslatib o'tamiz, O'zbekiston 2028-yilda 6U formatidagi ilk ilmiy sun'iy yo'ldoshini uchirish ustida ish olib bormoqda. U buyuk olim va davlat arbobi Mirzo Ulug'bek nomi bilan ataladi. Shuningdek, mamlakatning ilk mahalliy kosmonavtini koinotga yuborish masalasi ham ishlab chiqilmoqda.

