Humans ishi: Adliya vazirligi mualliflik huquqi bo‘yicha izoh berdi

Humans ishi: Adliya vazirligi mualliflik huquqi bo‘yicha izoh berdi
Mirobod tumanlararo fuqarolik ishlari sudida Humans kompaniyasi ustidan navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Kompaniya o‘zbekistonliklarga berilgan plastik kartalardan millionlab pullarning yechib ketilishi ortidan jamoatchilik e’tiboriga tushgan edi.
Sud ishida ko‘rib chiqilayotgan da’vo talablaridan biri Humans ilovasi (Super App) dasturiy ta’minotiga Maksim Sditanovning egalik qilish masalasidir. Shu munosabat bilan, O‘zbekistonda qaysi korxonalar Super App dasturidan foydalanayotganini aniqlash maqsadida Adliya vazirligiga murojaat qilingan.
Advokat Sherzod Abdulqosimovning so‘zlariga ko‘ra, "Vazirlik bergan javobga ko‘ra, Humans Lab va Humans Trading korxonalari Humans Application dasturiy ta’minotiga aloqador deb topildi. Fuqarolik protsessual kodeksi talablariga asosan, ishni ko‘rib chiqish jarayonida chiqariladigan qaror uchinchi shaxslarning manfaatlari buzilishiga olib kelishi mumkin deb topilsa, ular sud ishiga uchinchi shaxs sifatida jalb qilinishi belgilangan."
Sud muhokamasida Humans Lab va Humans Trading korxonalarini ishga uchinchi shaxs sifatida jalb qilish bo‘yicha ajrim chiqarildi. Keyingi sud majlisida Humans Lab va Humans Trading korxonalarining Super App’ga qanday aloqasi borligi, dastur ularga qaysi asoslarga ko‘ra foydalanish uchun berilgani, shuningdek, unga egalik qilish yoki uni ijaraga olish kabi masalalar ko‘rib chiqiladi.
Abdulqosimovning ta’kidlashicha, ushbu holatga huquqiy baho berilishi Maksim Sditanov tomonidan berilgan arizaning qonuniyligi va asoslanganligiga oydinlik kiritishga yordam beradi.
Eslatib o‘tamiz, Humans kompaniyasi 2025-yil oxirida rahbariyat o‘rtasidagi mojarolar hamda o‘zbekistonliklarga berilgan plastik kartalardan millionlab pullarning yechib ketilishi ortidan jamoatchilik e’tiboriga tushgan edi. Shundan so‘ng, 2026-yilning dastlabki oylarida o‘zbekistonlik investorlardan biri ham kompaniya rahbariyatini sudga bergandi. U 12 million dollar investitsiya evaziga va’da qilingan 66 foizlik ulushni talab qilmoqda.

