Siyosat

Grenlandiyada Trampga aloqador neft kompaniyasi hukumat ruxsatisiz ish boshladi

Donald Tramp bilan bog‘liq Amerika neft kompaniyasi Grenlandiya hukumatining ruxsatisiz orolda quduqlar burg‘ulashga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda The Guardian xabar berdi.

AQSH prezidenti Tramp Grenlandiyaga nisbatan o‘z da’volarini takrorlayotgan bir paytda, orolning sharqiy qirg‘og‘iga burg‘ulash uskunalari olib kelingan.

Grenlandiya hukumati uskunalar olib kirilishiga hech qanday ruxsat berilmaganini ta’kidlab, bu holatga keskin e’tiroz bildirdi. Hukumat bayonotida aytilishicha, "logistikaga oid barcha keyingi masalalar amalga oshirilishidan oldin foydali qazilmalar boshqarmasi bilan kelishilishi va tasdiqlanishi shart".

2025-yilda Texasda tashkil etilgan Greenland Energy kompaniyasi hududda 1 trillion dollarlik neft zaxirasi bo‘lishi mumkinligini da’vo qilmoqda. Kompaniya ikkita quduq burg‘ulash uchun 60 million dollar ajratishni rejalashtirgan.

Grenlandiya 2021-yilda ekologik sabablarga ko‘ra yangi neft litsenziyalarini berishni to‘xtatgan edi. Biroq, Britaniyaning 80 Mile kompaniyasi ilgari ushbu hududda qidiruv huquqini qo‘lga kiritgan. Greenland Energy esa loyihani moliyalashtirish evaziga unda ko‘pchilik ulushga ega bo‘lishini bildirmoqda. Shunga qaramay, ishni boshlash uchun hukumat ruxsati talab qilinadi.

Ma’lum bo‘lishicha, iyul oyida mahalliy aholi qirg‘oqda konteynerlar tushirilayotganini payqagan. Yuklar Greenland Energy kompaniyasi uchun olib kelingani tasdiqlangan. Kompaniya vakili iyun oyidagi uchrashuvda ruxsatnoma borligi haqida yolg‘on ma’lumot berganini tan oldi.

Grenlandiya hukumati hozircha olib kelingan uskunalarni qaytarib yuborishni shart deb hisoblamayapti. Ruxsatnoma berish bo‘yicha ariza ko‘rib chiqilmoqda. Kompaniya vakilining so‘zlariga ko‘ra, barcha ruxsatlar olinsa, oktyabr oyida burg‘ulash ishlari boshlanadi.

Avvalroq, Tramp Grenlandiya Daniya uchun emas, AQSH uchun muhim ekanligini aytib, orolni qo‘shib olish g‘oyasini yana ilgari surgani haqida xabar berilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSHga ushbu Arktika oroli "dunyoni himoya qilish uchun" kerak.

grenlandiyaneft qidiruviruxsatsiz burg'ulashgreenland energyekologik tashvishlarxalqaro munosabatlardonald tramparktika