Tramp Eronga yangi zarbalar bilan yana tahdid qildi
AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi yana keskin bayonot berib, zarurat tug‘ilsa, mamlakatning muhim infratuzilma ob’yektlariga kuchli zarbalar berilishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Amerika OAV Vashington Eronga qarshi yangi harbiy amaliyotga tayyorgarlik ko‘rayotganini xabar qilmoqda.

Tramp Eronga yangi hujumlar bilan yana tahdid qildi.
AQSh prezidenti Donald Trampning ta’kidlashicha, agar Qo‘shma Shtatlar bosimni kuchaytirsa, Tehron rahbariyati oxir-oqibat qarshilikni davom ettira olmasligini tan oladi.
"Biz ularga butun kuchimiz bilan zarba beramiz. Oqibatda Tehron rahbariyati: “Biz endi bunga chiday olmaymiz”, deydi", - dedi AQSh prezidenti.
The Wall Street Journal nashri manbalariga ko‘ra, Tramp Eronni qurol tashlashga majbur qilish maqsadida yangi hujumlar tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Manbalarning xabar berishicha, operatsiya shu dam olish kunlari boshlanishi mumkin. Biroq, diplomatik muzokaralarda ijobiy siljish kuzatilsa, prezident hujumlarni bekor qilishi yoki qarorini o‘zgartirishi ham ehtimoldan xoli emas.
CBS News ma’lumotiga ko‘ra, AQSh va Isroil Eronning energetika infratuzilmasiga qarshi qo‘shma zarbalar berish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Ehtimoliy nishonlar sifatida neftni qayta ishlash zavodlari hamda elektr stansiyalari ko‘rilmoqda. Telekanalning ta’kidlashicha, Tramp hozircha operatsiyani amalga oshirish bo‘yicha yakuniy ruxsat bermagan.
Avvalroq, iyul oyida AQSh Eron hududidagi harbiy ob’yektlarga bir necha marta havo zarbalari bergan edi. Vashington bu harakatlarni Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusining Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi xalqaro kemalarga tahdid solish imkoniyatlarini cheklash bilan izohlagan. Eron esa qo‘shni davlatlardagi AQSh harbiy bazalari nishonga olinganini bildirib, qarshi hujumlar uyushtirgan.
The New York Times ma’lumotiga ko‘ra, 24-iyul kuni Tramp yuqori martabali maslahatchilari bilan uchrashuvdan so‘ng Eronga qarshi keng ko‘lamli yangi hujumlarni vaqtincha kechiktirishga qaror qilgan. Nashr bu qarorga havo mudofaasi uchun Patriot majmualari raketalari zaxirasi kamayishi, shuningdek, ehtimoliy jahon energetika va iqtisodiy inqirozi xavfi ta’sir ko‘rsatganini yozgan.
Shunga qaramay, 30-iyul kuni AQSh harbiylari mintaqadagi amerikalik harbiylarga raketa hujumi uyushtirishga urinishga javob sifatida Erondagi ayrim nishonlarga yana zarba berilganini ma’lum qildi.

