Dunyo

Germaniyada portlovchi modda o‘rnatilgan dron topildi

Germaniya ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindt Leypsig–Galle aeroportida portlovchi modda o‘rnatilgan dron aniqlanganini mamlakat uchun «yangi tahdid darajasi» deb baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hodisa ortida yuqori darajada tayyorgarlikka ega shaxslar turgan bo‘lishi mumkin, tergov esa xorijiy davlatlar ehtimoliy ishtirokini ham istisno etmayapti.

Germaniyaning Saksoniya federal yeridagi Leypsig–Galle aeroportida portlovchi modda o‘rnatilgan dronning topilishi mamlakat xavfsizligiga jiddiy tahdid sifatida baholanmoqda. Bu haqda Germaniya ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindt ma’lum qildi.

Vazirning ta’kidlashicha, bu hodisa tasodifiy emas va uni amalga oshirgan shaxslar yuqori texnik bilim hamda portlovchi moddalar bilan ishlash tajribasiga ega bo‘lgan. Dobrindtning fikricha, bu havaskorlar emas, balki professionallar tomonidan uyushtirilgan gibrid hujum bo‘lishi mumkin.

Dobrindt ehtimoliy aybdorlarning nomini oshkor etmadi, biroq hodisa ortida xorijiy davlatlar ham turishi mumkinligini aytdi va bu holat tergov jarayonida aniqlanishini bildirdi. Mazkur voqea munosabati bilan vazir ta’tilini to‘xtatib, bir nechta xavfsizlik idoralari rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazgan.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, 5-avgustga o‘tar kechasi Leypsig–Galle aeroportida Ukraina harbiy yuk samolyoti Antonov-124 (An-124) dan bir necha metr uzoqlikda shubhali buyum topilgan. Rentgen tekshiruvi natijasida bu detonator o‘rnatilgan portlovchi moddali kichik kvadrokopter ekanligi aniqlangan. Keyinchalik dron masofadan boshqariladigan robot yordamida xavfsiz tarzda zararsizlantirilgan.

Hodisa tufayli aeroport faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan, bir nechta reyslar boshqa aeroportlarga yo‘naltirilgan. Shu vaqtda Leypsigga qo‘na olmagan DHL kompaniyasining yuk samolyoti qayta balandlikka ko‘tarilayotganda noma’lum ob’yekt bilan to‘qnashgan. Samolyot parvozni davom ettirib, Hannover aeroportiga qo‘ngan. Keyinchalik uning korpusida yengil shikastlanishlar aniqlangan. Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan.

Leypsig–Galle aeroporti G‘arb davlatlarining Ukrainaga harbiy yordamini yetkazib berishda muhim logistika markazlaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, bu yerda DHL kompaniyasining yirik logistika markazi ham joylashgan.

germanydroneexplosivesairport securityhybrid attacklogistics hubukraine aiddhl