Fransiya Pavel Durovni Rossiyaga topshirmasligi ma’lum qilindi

Fransiya Pavel Durovni Rossiyaga topshirmaydi. Bu haqda fransuz advokati Filipp de Vel ma’lum qildi.
Rossiya xavfsizlik xizmati Telegram asoschisi Pavel Durovni xalqaro qidiruvga bergan edi. Biroq, Fransiya o‘z fuqarosini boshqa davlatga ekstraditsiya qilmasligi maʼlum bo‘ldi.
Advokatning so‘zlariga ko‘ra, Fransiya Jinoyat-protsessual kodeksining 696-4-moddasi o‘z fuqarolarini ekstraditsiya qilishni taqiqlaydi.
"Shu bilan birga, ayblanuvchi agar ushbu qilmishlar bilan respublikada ham jazolanadigan bo‘lsa, mamlakatning o‘zi jinoiy javobgarlikni qo‘zg‘atishi mumkin", dedi de Vel.
Pavel Durov Rossiyadan tashqari Fransiya, BAA, Sent Kits va Nevis fuqaroligiga ham ega. Rossiyada Telegram asoschisiga "terrorizmga ko‘maklashish" moddasi bo‘yicha ayblov eʼlon qilingan. Federal xavfsizlik xizmatiga ko‘ra, u messenjerdan taqiqlangan "Dayvinchik" chatbotini o‘chirmagan.
Ukraina maxsus xizmatlari mazkur botdan go‘yoki yosh rossiyaliklarni "diversion-terrorchilik faoliyatiga jalb etishda" foydalangani aytilmoqda. Durovga nisbatan ayblov 8 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etish yoki umrbod qamoq jazosini nazarda tutadi.
Fevral oyida Pavel Durov Rossiya o‘z fuqarolarini davlat nazoratidagi ilovadan foydalanishga majburlash maqsadida Telegram’ga kirishni cheklayotganini aytgandi.
"Roskomnadzor" dastlab 2025-yil avgust oyida Telegram va WhatsApp orqali qo‘ng‘iroqlarni cheklagandi. O‘shanda idora buni messenjerlar firibgarlik, tovlamachilik va fuqarolarni qo‘poruvchilik hamda terrorchilik faoliyatiga jalb etishning asosiy vositasiga aylangani bilan izohlagan.

