Fijilik regbichi Yaponiyada issiq urishi oqibatida vafot etdi

**Fijilik regbichi Yaponiyada issiq urishi tufayli hayotdan ko‘z yumdi**
Yaponiyaning "Kyusyu" jamoasida o‘ynagan fijilik regbichi Saymoni Vunilagi issiq urishi oqibatida vafot etdi. Bu haqda Al Jazeera nashri xabar berdi.
26 yoshli sportchi jamoasining navbatdagi mashg‘ulotlaridan so‘ng Fukuoka shahridagi shifoxonaga og‘ir ahvolda yotqizilgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, mashg‘ulot o‘tkazilgan kuni shaharda havo harorati 35 daraja issiqni tashkil etgan. Ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay, sportchi 7-avgust, juma kuni tongda vafot etdi.
Vunilagi Yaponiyada universitetni tamomlagan va 2023-yildan boshlab professional faoliyatini boshlagan edi. "Kyusyu" klubi matbuot xizmati ushbu yo‘qotish sababli marhumning oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildirdi.
So‘nggi haftalarda Yaponiyada havo harorati 40 darajagacha ko‘tarilib, anomal issiq kuzatilmoqda. Xususan, 20—26-iyul kunlari 18,6 mingga yaqin kishi issiq urishi oqibatida kasalxonaga tushgan va ularning 45 nafari vafot etgan. Yaponiyada har yili o‘rtacha 1300 kishi issiq havo qurboniga aylanadi. Ekstremal iqlim sharoiti tufayli Yaponiyada bir qator madaniy va sport tadbirlarining vaqti o‘zgartirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, mamlakatdagi eng yuqori harorat (+41,8 daraja) 2025-yilning 5-avgustida qayd etilgan edi.

