Sport

FIFA rahbari Donald Trampdan yordam so‘ragani haqidagi xabarlarni rad etdi

FIFA rahbari Donald Trampdan yordam so‘ragani haqidagi xabarlarni rad etdi

Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantino AQSH prezidenti Donald Tramp yoki uning ma’muriyati vakillari bilan telefon orqali muloqot qilmagan. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati ma’lum qildi.

Avvalroq New York Post nashri Infantino “FIFA Forward Enterprise” tijoriy loyihasi inqirozga yuz tutgach, o‘z lavozimini saqlab qolishda yordam so‘rab, Tramp ma’muriyatiga murojaat qilmoqchi ekani haqida xabar bergandi. Qayd etilishicha, FIFA rahbari Tramp bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘lana olmagach, AQSH davlat kotibi Marko Rubio bilan gaplashishga uringan. Keyinroq Rubioning yordamchisi Dilan Jonson davlat kotibi Infantino bilan muloqot qilishni umuman rejalashtirmaganini bildirdi.

“FIFA prezidenti so‘nggi kunlarda AQSH prezidentiga yoki uning ma’muriyati a’zolariga hech qanday qo‘ng‘iroqni amalga oshirmagan. Bu mutlaqo uydirma”, deyiladi tashkilot bayonotida.

Joriy yilning iyul oyida FIFA musobaqalarning (jumladan, Jahon chempionatlarining) media va tijorat huquqlarini o‘z ichiga oluvchi yangi tuzilmaning taxminan 20 foiz aksiyasini xususiy investorlarga sotish orqali 4,2 milliard dollar jalb qilish niyatida ekanini e’lon qilgandi. OAV xabarlariga ko‘ra, bu aksiyalarni Joshua Kushnerning (Trampning kuyovi bo‘lmish Jared Kushnerning ukasi) fondi sotib olishi mumkin edi.

Ushbu rejadan so‘ng Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) taklif to‘liq bekor qilinmaguncha ittifoqning barcha a’zolari FIFA turnirlariga boykot e’lon qilishini bildirdi. Katta e'tirozlar va kelishmovchiliklar ortidan Infantino tijorat huquqlarining bir qismini sotish rejasidan voz kechishga majbur bo‘ldi.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, agar ushbu loyiha amalga oshganida, FIFA rahbarining yillik maoshi 3 million yevrodan 30 million yevrogacha keskin oshardi. Infantino rejadanoq chekinganiga qaramay, UEFA alohida bayonot bilan chiqib, tashkilot rahbariyatiga nisbatan ishonch yo‘qolganini va bu rejani o‘ylab topganlarni javobgarlikka tortish niyatida ekanini ma’lum qildi.

fifafootballcontroversyuefadonald trumppoliticsgianni infantinobusiness