Farg‘onada mast haydovchi YPX inspektorini urib ketdi. U shifoxonada vafot etdi
Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida mast holda Spark boshqargan haydovchi YPX inspektorining to‘xtash haqidagi qonuniy talabiga bo‘ysunmay, uni urib yubordi. Og‘ir jarohat olgan serjant Xayitbek Karimjonov shifoxonada vafot etdi. U ichki ishlar organlarida 2022-yildan buyon xizmat qilib kelgan.

Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida mast haydovchi YPX inspektorini urib yuborishi oqibatida serjant Xayitbek Karimjonov shifoxonada vafot etdi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Voqea 31-iyul kuni taxminan soat 23:30 da O‘zbekiston tumanidagi O‘qchi mahallasi hududidan o‘tuvchi 40V064 avtomobil yo‘lining 20-kilometrida sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 30 yoshli haydovchi A.E. Spark rusumli avtomobilni mast holda boshqarib ketayotgan vaqtda Farg‘ona viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining 2-mintaqaviy hudud YPX otryadi 3-safarbar guruhi YPX katta inspektori, serjant Xayitbek Karimjonovning to‘xtash haqidagi qonuniy talabiga bo‘ysunmagan va uni urib yuborgan.
Natijada serjant Xayitbek Karimjonov og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga olib borilgan. Biroq shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramay, u jonlantirish bo‘limida vafot etgan.
Qayd etilishicha, Xayitbek Karimjonov 2022-yildan buyon ichki ishlar organlarida xizmat qilib kelgan. Uning ortidan onasi, rafiqasi va ikki nafar farzandi qoldi.
Eslatib o‘tamiz, yil boshida Namangan va Navoiyda xizmat vaqtida avtomobil urib ketgan YHXB xodimlari prezident tomonidan “Jasorat” medali bilan taqdirlangandi. Har ikki xodim ham yo‘l harakati qoidalarini buzib harakatlangan haydovchilarni to‘xtatmoqchi bo‘lgan.

