Mahalliy

Farg‘onada mansabdorlar soxta ma’lumot asosida 13 mlrd so‘m subsidiya ajratgani oshkor bo‘ldi

Ular aholiga yetkazilgan issiq energiyasi hajmini ataylab ko‘paytirib ko‘rsatgan.

Farg‘onada mansabdor shaxslar qalbaki ma’lumotlar orqali 13 milliard so‘mga yaqin subsidiyani noqonuniy ravishda ajratganligi ma’lum bo‘ldi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Farg‘ona shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Farg‘ona viloyati "Issiqlik ta’minoti" MChJ mansabdor shaxslari tomonidan 12,9 milliard so‘mlik subsidiya mablag‘lari asossiz ravishda olinganligi aniqlandi.

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, "Issiqlik ta’minoti" MChJ mansabdorlari 2024-2025-yillar hamda 2026-yilning yanvar-may oylarida aholiga aslida 85,7 ming Gkal issiqlik energiyasi yetkazib bergan bo‘lsalar-da, viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasiga taqdim etilgan hujjatlarga 212,3 ming Gkal issiqlik energiyasi yetkazib berilganligi haqida yolg‘on ma’lumotlar kiritganlar. Bu harakatlar natijasida budjetdan 12,9 milliard so‘m ortiqcha subsidiya mablag‘lari ajratilishiga erishilib, davlat manfaatlariga juda katta miqdorda moddiy zarar yetkazilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

abuse of powerinvestigationfargʻonaheat supplyembezzlementcorruptionfinancial crimesubsidy fraud