Mahalliy

Farg‘onada hamkasbiga shilqimlik qilgan shifokor 5 sutkaga qamaldi

Farg‘onada hamkasbiga shilqimlik qilgan shifokor 5 sutkaga qamaldi

Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika shifokori hamkasbiga nisbatan shilqimlik qilgani uchun 5 sutkaga qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda “Daryo” nashri sud hujjatlariga tayanib xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 1993-yilda tug‘ilgan F.J. Toshloq tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada shifokor bo‘lib ishlagan. U 2026-yil may oyi oxirlarida shu muassasada operator bo‘lib ishlaydigan ayolning telefoniga “chiroylisiz, yoqasiz, gaplashib yuraylik” mazmunidagi xabarlar va shahvoniy tusdagi suratlarni yuborgan.

Ayol sudda shifokorga ikkalasining ham oilasi va farzandlari borligini, bunday taklifning noto‘g‘ri ekanligini aytganini bildirdi. Keyinchalik uning turmush o‘rtog‘i ayolning telefonidan ushbu xabar va suratlarni ko‘rib qolgan. Shundan so‘ng ayol huquqni muhofaza qiluvchi organlarga F.J.ga nisbatan chora ko‘rishni so‘rab murojaat qilgan.

F.J. sudda aybiga qisman iqror bo‘lib, ayolga gul surati hamda “chiroylisiz, menga yoqasiz” degan xabarni yuborganini tan oldi, biroq boshqa suratlar yuborganini rad etdi. Shu bilan birga, u o‘z harakatlarini shilqimlik deb hisoblamasligini ta’kidladi.

Sud ish hujjatlarini ko‘rib chiqib, F.J.ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topdi. Unga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Avvalroq Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanida sobiq o‘quvchisiga shilqimlik qilgan sport maktabi murabbiyi 5 sutkaga qamalgani xabar qilingandi. Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida mast holda hamkasbiga nisbatan shahvoniy shilqimlik qilgan erkak uch sutkaga qamalgan, ayol esa o‘sha paytda pichoq olib yurgani uchun jarimaga tortilgandi.

o‘zbekistonfargʻonashilqimliksudma'muriy qamoqjazoshifokorish joyida ta'qib