Dunyo

Eronga yon bosilayotgan kelishuv va Germaniyada portlatilgan dron – kun dayjyesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

**Eron bilan kelishuv va Germaniyadagi dron portlashi – kun yangiliklari dayjyesti**

Jahon miqyosida o‘tgan kun davomida sodir bo‘lgan eng muhim voqea va yangiliklar sharhi bilan tanishtiramiz.

**Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bo‘yicha kelishuv**

Eron va Ummon o‘rtasida taklif etilayotgan kelishuv Tehronga Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tuvchi kemalar ustidan nazoratni berishi mumkin. Bu haqda chorshanba kuni Reuters agentligiga Erondagi yuqori martabali manba va ikki mintaqaviy rasmiy ma’lum qildi. Bu Eron uchun shu paytgacha qilingan eng katta yon bosishlardan biri ekani aytilmoqda.

Eron rasmiysining so‘zlariga ko‘ra, bo‘g‘ozga kirish va chiqish qatnovlari Eron hududiy suvlari orqali o‘tadi. Boshqa bir mintaqaviy manbaning ta’kidlashicha, "nazorat" qanday belgilanishi bo‘yicha tafsilotlar hali aniqlanishi kerak.

Eron bo‘g‘ozdan foydalanayotgan kemalardan yuk narxining 5% dan 7% gacha miqdorida boj undirishni talab qilmoqda. Ummon taxminan 3% atrofidagi to‘lovlarni muhokama qilmoqda, Vashington esa umuman to‘lov bo‘lmasligini xohlaydi. Ko‘rfaz muzokarachilari esa har qanday yig‘imlar ixtiyoriy bo‘lishini talab qilmoqda.

Shu bilan birga, Eron AQShning har qanday yangi hujumi kuchli javob zarbasini keltirib chiqarishi haqida ogohlantirgan. Ko‘rfazdagi manbalardan birining aytishicha, "Eronning ogohlantirishi qat’iy edi: agar Amerika Eronning infratuzilmasini nishonga olsa, ular Ko‘rfaz energiya ob’yektlari va boshqa mintaqaviy nishonlarga zarba berish orqali javob qaytaradi".

AQSh tomoni hozircha Ho‘rmuz bo‘yicha taklifga izoh bermadi. Prezident Donald Tramp bo‘g‘ozni qayta ochish bo‘yicha kelishuv yaqinlashib qolganini aytgandi, garchi AQSh rasmiylari Ho‘rmuzga kirishni Eron nazorat qilishiga hech qachon rozi bo‘lmasligini aytgan bo‘lsa ham.

Eronga bunday vakolatni beruvchi kelishuv AQSh va Isroil tomonidan fevral oyida boshlangan urush – mintaqaviy kuchlar muvozanatining Tehron foydasiga jiddiy o‘zgarganini anglatadi. Urushdan oldin bo‘g‘oz barcha kemalar uchun to‘lovlarsiz, erkin va ochiq edi.

**Germaniya aeroportida portlovchi qurilma topildi**

Kecha tunda Germaniyadagi aeroportda portlovchi qurilma o‘rnatilgan dron topildi. Saksoniya politsiyasiga ko‘ra, portlovchi modda ortilgan ob’yekt to‘xtab turgan "Antonov" samolyotlari yaqinida ko‘rib qolingan. Portlovchi qurilmaning detonatori robot yordamida olib tashlangan. Keyinroq politsiya nazorat ostidagi portlashni amalga oshirgan.

Leypsig/Halle aeroportidan Germaniya harbiylari va NATO bo‘yicha ittifoqchilar harbiy yuklarni tashish uchun foydalanadi. Shuningdek, u Ukrainaning "Antonov Airlanes" kompaniyasi uchun baza bo‘lib ham xizmat qiladi.

Xuddi shu aeroport yaqinida yana bir ikkinchi noma’lum ob’yekt yuk samolyoti bilan to‘qnashib ketgan. Samolyot kichik shikastlanishlar bilan Gannoverga borib qo‘ndi.

Germaniya ichki ishlar vaziri bu hodisalar "tahdidning yangi darajasi"ni anglatishini ta’kidladi. U hech qanday gumondorlarning ismini aytmadi, lekin tergov jarayoni "xorijiy kuchlar ehtimoliy ishtirokini" ko‘rsatishi mumkinligini aytdi.

So‘nggi oylarda harbiy bazalar, aeroportlar, energiya terminallari, dengiz portlari va logistika kompaniyalari ustidan bir qator ruxsatsiz dron parvozlari kuzatilgan. Shundan so‘ng Germaniya aeroportlari shay holatga keltirilgan. Politsiya bu ishlarda Rossiyaning ehtimoliy ishtiroki haqida ogohlantirgan, biroq Moskva buni rad etmoqda.

**Isroil yana Livan janubiga zarba berdi**

Chorshanba kuni tushdan keyin Isroil harbiylari Livan janubida "aniq zarbalar" berishni boshlaganini e’lon qildi. Hujumlardan yarim soat avval IDFning arab tilidagi matbuot kotibi livanliklarni evakuatsiya haqida ogohlantirgan.

Isroilning ikkala bayonotida ham "Hizbulloh" otashkesimni buzganlikda ayblangan, ammo boshqa tafsilotlar keltirilmagan.

Livan OAVlariga ko‘ra, Tibnin shahri qabristonidagi binoga zarba berilishi oqibatida bir erkak halok bo‘lgan va yana 12 kishi yaralangan. Shuningdek, g‘arbdagi Mansuri shahriga ham zarbalar berilgan. Bu yerda Isroil harbiylari bir oydan ortiq vaqt ichida ilk bor evakuatsiya haqida buyruq bergan.

Mansuri meri Haydar Madihli Isroil harbiy samolyotlari shahar chekkasidagi G‘azaleh mahallasidagi bino va villalarga to‘rtta zarba berganini ma’lum qildi.

Madihlining aytishicha, bu zarbalar ko‘chish to‘lqinini keltirib chiqargan, oilalar o‘z buyumlarini avtomobillarga ortib, janubdagi eng yirik shahar Sur tomon yo‘l olgan.

Ushbu voqealar Isroil va Livan rasmiylari Rimda AQSh homiyligida otashkesimni saqlab qolishga qaratilgan muzokaralarda ishtirok etayotgan paytda yuz berdi.

Iyun oyi oxirida uch davlat ishlab chiqqan kelishuv "Hizbulloh"ning qurolsizlanishi evaziga Isroil harbiylari Livan janubidan chiqib ketishini nazarda tutgandi. Ammo "Hizbulloh" bu shartlar "barcha qizil chiziqlarni" bosib o‘tishini ta’kidlab, kelishuvni rad etdi.

**Bloger jonli efirda otib ketildi**

Meksikalik ijtimoiy tarmoq inflyuenseri Sezar Gastelum Kuliakan shahridagi restoran tashqarisida do‘stlari bilan jonli efir o‘tkazayotgan vaqtda otib o‘ldirildi.

Mahalliy OAVga ko‘ra, TikTok’da salkam 600 000 obunachiga ega bo‘lgan Gastelum video uchun kurer kabi kiyinib olgandi.

Efir davomida ularning yonida ikki kishi mototsiklda kelib to‘xtagan. Jonli efir kadrlarida mototsikl haydovchisi to‘g‘ridan to‘g‘ri Gastelumning boshiga o‘q uzgani ko‘ringan. Aynan shu pallada translyatsiya uzilib qolgan.

Garchi video keyinchalik platforma tomonidan o‘chirib tashlangan bo‘lsa-da, uning ayrim qismlari internetda tarqalishda davom etdi.

Xavfsizlik xizmati rasmiysi Gastelumning o‘limini tasdiqladi va yirik xavfsizlik operatsiyasi olib borilayotganini aytdi.

Sinaloa shtati poytaxti Kuliakan shahri mintaqadagi dominant narkokartel ichidagi hokimiyat uchun ichki kurashlar iskanjasida qolmoqda. Mahalliy matbuotning xabar berishicha, so‘nggi yillarda shaharda bir necha inflyuenser, shu jumladan, jinoiy guruhlarga aloqadorligi iddao qilingan shaxslar ham o‘ldirilgan.

**Tayvanda harbiy mashg‘ulotlar**

Tayvan prezidenti Lay Chinte urush yuz berganda hukumat qanday ishlashini ko‘rsatishga qaratilgan mashg‘ulotda qatnashdi. Prezident tunda zirhli transportyorda qo‘mondonlik markaziga shoshilinch ravishda yetib bordi.

Tayvanda 10 kun davom etadigan ushbu mashqlar agar Xitoy orolni kuch bilan egallash haqidagi va’dasini bajargan taqdirda, tayyorgarlikni kuchaytirish uchun mo‘ljallangan.

Payshanba kuni prezidentning bron-jilet va shlem kiygan holda zirhli transportyorga chiqayotgani aks etgan suratlari paydo bo‘ldi.

Kelasi haftada Tayvan birinchi marta mobil internet tezligini qasddan sekinlashtiradi. Bu orqali ofatlardan tortib Xitoy bostirib kirishigacha bo‘lgan vaziyatlarda fuqarolar qanday muloqot qilishi sinovdan o‘tkaziladi.

Tayvanning harbiy mashg‘ulotlariga hali izoh bermagan Xitoy harbiylari deyarli har kuni orol atrofida harakat olib boradi.

Urush yoki boshqa inqiroz paytida Tayvan rahbarini xavfsiz joyga evakuatsiya qilish rejasi sovuq urush avj olgan davrlarga borib taqaladi. O‘sha paytdagi prezident Chan Kayshi o‘zining ashaddiy raqibi Mao Tszedun hujumidan doimiy xavfsirab yashagan.

2023-yilda Tayvan atrofida o‘tkazilgan Xitoy harbiy mashg‘ulotlarida ular mashq qilgan ssenariylardan biri "boshini kesish" (rahbariyatni yo‘q qilish) topshirig‘i uchun aniq zarbalar berish bo‘lgandi.

hormuz straitgermany drone attackisrael-lebanon conflictmexico influencer murdertaiwan military drills