Eronda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bo‘yicha AQSh va Isroil kemalari o‘tishi taqiqlanadigan qonun loyihasi ma’qullandi
Qonun loyihasiga ko‘ra, kemalar bo‘g‘oz orqali Isroilga aloqador har qanday yukni, jumladan harbiy yoki fuqarolik yuklarini tashishi mumkin bo‘lmaydi. Bu talabni buzganlik uchun tashilayotgan yuk qiymatining 20 foizigacha miqdorda jarima solinishi mumkin.

Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan AQSh va Isroil kemalarining o‘tishini taqiqlovchi qonun loyihasini tasdiqladi.
Eron parlamentining milliy xavfsizlik va tashqi siyosat qo‘mitasi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali AQSh va Isroil kemalarining harakatlanishini cheklovchi yangi qonun loyihasini ma’qulladi, deya xabar berdi IRIB.
Xabarda aytilishicha, "Ho‘rmuz bo‘g‘ozining xavfsizligi va barqaror rivojlanishini ta’minlash bo‘yicha strategik chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qonun loyihasi parlamentning milliy xavfsizlik qo‘mitasi tomonidan ma’qullandi".
Ushbu qonun loyihasiga ko‘ra, Isroilga tegishli har qanday yuk, jumladan harbiy yoki fuqarolik yuklarini tashuvchi kemalar bo‘g‘ozdan o‘ta olmaydi. Qoidabuzarlik uchun tashilayotgan yuk qiymatining 20 foizigacha miqdorda jarima undirilishi mumkin.
Avvalroq Press TV Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Muhammad-Boqir Zulqadrga tayanib, Eron AQSh bir qator shartlarni bajarmaguncha Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochmasligini ma’lum qilgan edi. Bu shartlar orasida mamlakatga nisbatan tahdidlarni to‘xtatish, Eron va uning ittifoqchilariga qarshi harbiy amaliyotlarni yakunlash, sanksiyalarni bekor qilish, dengiz qamalini tugatish, AQSh qo‘shinlarini olib chiqib ketish hamda tovon puli to‘lash kabi talablar bor.

