Energiya resurslaridan oqilona foydalanish ustidan nazorat kuchaytiriladi
Energetika vazirligiga tarmoqda yagona va samarali boshqaruv tizimini shakllantirish, soha korxonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, investitsiya loyihalarini

Energiya resurslaridan oqilona foydalanish nazorati kuchaytiriladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevga energetika sohasi oldiga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi.
Joriy yilning 27-iyul kuni davlat rahbari raisligida yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi ustuvor masalalar bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi. Unda sohadagi boshqaruv, joylarda elektr va gaz ta’minotining barqarorligi, avariyalar va energiya yo‘qotishlarini kamaytirish bo‘yicha ishlar tanqidiy tahlil qilindi.
Xususan, elektr va gaz ta’minoti bilan bog‘liq ishlarni "tumanbay" va "mahallabay" tashkil etish, hududlarning energiya iste’moli balansini shakllantirish, tarmoqlar va uskunalarni xatlovdan o‘tkazish, kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni keng joriy etish bo‘yicha vazifalar belgilangan edi.
Taqdimotda Energetika vazirligi, "Hududiy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati va O‘zenergoinspeksiyaning yangi rahbariyati tomonidan ushbu topshiriqlar ijrosini tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar hamda kelgusi rejalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, hozirda Yangiyo‘l tumanida elektr va gaz ta’minotini yaxshilash bo‘yicha maxsus shtab faoliyat yuritmoqda. U yerda tadbirkorlar va aholi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilib, uzilishlar, quvvat yetishmasligi, gaz bosimining pasayishi, texnik shartlar olish va qarzdorlik bilan bog‘liq murojaatlar bevosita o‘rganilmoqda.
Yangiyo‘l tumani tajribasi asosida boshqa 13 ta tumanda ham ushbu yondashuvdagi namunaviy tizim yaratib, keyinchalik uni boshqa hududlarda ham joriy etish rejalashtirilgan.
Tadbirkorlik subyektlarini elektr va gaz tarmoqlariga ulash uchun texnik shartlarni rasmiylashtirish jarayonlarining qonuniyligi va shaffofligini ta’minlash, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish choralari kuchaytirilmoqda.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida muammoli tarmoqlar va uskunalarni yangilash, energiya yo‘qotishlarini kamaytirish, energiya samaradorligi choralarini ko‘rish, avariyaviy uzilishlar sabablarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, soha xodimlariga vazifalarni elektron tizim orqali yetkazish, ijrosini nazorat qilish va faoliyat samaradorligini aniq ko‘rsatkichlar asosida baholash mexanizmlari ishlab chiqilmoqda.
Energetika vazirligiga tarmoqda yagona va samarali boshqaruv tizimini shakllantirish, soha korxonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirish va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini tizimli tashkil etish vazifalari yuklatildi.
"Hududiy elektr tarmoqlari"ga joylarda elektr ta’minoti barqarorligini oshirish, infratuzilmani bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish, avariyaviy uzilishlarni kamaytirish va xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash topshirildi.
O‘zenergoinspeksiya zimmasiga energiya resurslaridan oqilona foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirish, texnik talablarga rioya etilishini ta’minlash, yo‘qotishlarni qisqartirish va yirik iste’molchilarni energiya auditidan o‘tkazishni jadallashtirish vazifalari qo‘yildi.
Tabiiy gaz yetkazib berish imkoniyati cheklangan mahallalarni mavsumga tayyorlash, suyultirilgan gaz ta’minotiga xususiy sektorni keng jalb qilish, sohadagi jarayonlarning monitoringini yuritishda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Davlat rahbari barcha choralarni manzilli va aniq hisob-kitoblar asosida amalga oshirish, aholi hamda iqtisodiyot tarmoqlarini elektr va gaz bilan barqaror ta’minlash yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

