Mahalliy

Elektromobil xaridi uchun avtokredit foizining bir qismi davlat tomonidan qoplab berilishi mumkin

O‘zbekistonda elektromobil sotib olish uchun olingan avtokreditlarning foiz to‘lovlarining bir qismini davlat tomonidan qoplash taklifi ilgari surilmoqda. Bu haqda hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Loyihaga ko‘ra, 2026-yil 1-avgustdan boshlab, bazaviy hisoblash miqdorining 1000 baravaridan oshmaydigan qiymatdagi elektromobillarni birlamchi bozordan xarid qilish uchun ajratilgan avtokreditlarga kompensatsiya beriladi. Tijorat banklari tomonidan 300 million so‘mgacha ajratilgan kreditlarning dastlabki ikki yili davomida foiz stavkasining 16 foizdan yuqori, biroq 8 foiz banddan oshmaydigan qismi davlat tomonidan qoplanadi.

Qaror loyihasiga muvofiq, kompensatsiyalar 2026-yilda respublika byudjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan moliyalashtiriladi. 2027–2030-yillarda esa buning uchun zarur mablag‘larni davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutish rejalashtirilgan.

Kompensatsiya olish uchun fuqaro avtokredit rasmiylashtirish jarayonida bankka topshiradigan arizasida ushbu imtiyozdan foydalanish istagini alohida ko‘rsatishi kerak bo‘ladi. Bank kredit va kompensatsiya shartlariga muvofiqlikni o‘rganib, qaror qabul qiladi.

Loyihada kompensatsiya faqat kreditga layoqatli deb topilgan va muddati o‘tgan kredit qarzdorligi mavjud bo‘lmagan jismoniy shaxslarga ajratilishi belgilangan. Shuningdek, kredit shartnomasida kompensatsiya miqdori alohida ko‘rsatilishi lozim.

Hujjatga ko‘ra, qarz oluvchi ketma-ket uch oy davomida kredit to‘lovlarini amalga oshirmasa, kredit muddatidan oldin to‘liq yopilsa, kredit shartnomasi bekor qilinsa yoki taqdim etilgan hujjatlarda noto‘g‘ri ma’lumotlar aniqlansa, kompensatsiya to‘lash to‘xtatiladi.

Avvalroq prezident farmoni bilan 2026-yil 1-sentyabrdan boshlab elektromobillar xaridi uchun 16 foizgacha stavkada avtokreditlar ajratish tizimini joriy etish rejalashtirilgandi. Hujjatda kredit foizlarining oshgan qismini davlat byudjeti hisobidan qoplash, dastlabki bosqichda esa 15 mingta elektromobil xaridini imtiyozli shartlarda moliyalashtirish ko‘zda tutilgan edi.

hukumat qaroriekologik transportelektromobildavlat subsidiyasio‘zbekistonavtokreditfoiz qoplamasikredit imtiyozlari