Davlatga xiyonat ishi: Moskvada jurnalist 12 yilga qamaldi
Moskva shahar sudi ilmiy jurnalist Darya Shipachevani davlatga xiyonat qilish ishi bo‘yicha 12 yillik koloniya jazosiga hukm qildi. Maxfiy tarzda ko‘rilgan ish materiallari oshkor qilinmagan bo‘lsa-da, ta’qibga Ukrainaga amalga oshirilgan pul o‘tkazmasi sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

Davlatga xiyonat ishi bo‘yicha Moskvada jurnalist 12 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Moskva shahar sudi ilmiy va tibbiy jurnalist Darya Shipachevani davlatga xiyonat qilish aybi bilan 12 yil muddatga koloniyaga hukm qildi. Sud, shuningdek, unga 300 ming rubl miqdorida jarima ham tayinladi. Bu haqda "Mediazona" nashri xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, prokuratura ham 35 yoshli jurnalist uchun aynan 12 yillik jazo so‘ragan. Himoya tomoni esa sudya Sergey Podoprigorovdan Shipachevani aybini tan olgani va tergov bilan hamkorlik qilganini inobatga olishni so‘ragan. Sud muhokamasi taxminan bir yarim soat davom etgan.
Jurnalistga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi maxfiylashtirilgan. Sud yopiq tartibda o‘tkazilgani bois, unga aniq qanday ayb qo‘yilgani rasman ma’lum qilinmagan. Shu bilan birga, sud Darya Shipachevaga tegishli 1,5 million rublni musodara qilishga ham qaror qilgan. Bunday chora, odatda, jinoiy faoliyatni moliyalashtirish bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha qo‘llanadi.
"Mediazona"ning jurnalist dugonasiga tayanib yozishicha, gap ma’lum bir pul o‘tkazmasi haqida ketgan, ammo bu mablag‘ Ukraina armiyasiga yuborilgan-yo‘qligi unga ham aniq emas.
Darya Shipacheva 2025 yil aprel oyida Moskvada qo‘lga olingan. Uning yaqinlariga ko‘ra, tunda maxsus kuchlar xodimlari xonadonga bostirib kirganidan keyin jurnalist bilan aloqa uzilgan. Keyinchalik u Rostov-Don shahriga olib ketilib, o‘sha yerda qamoqqa olingan.
Nashr ma’lum qilishicha, rasmiy ayblov e’lon qilingach, Shipacheva tergov bilan kelishuvga borgan.
Qo‘lga olinishidan avval Darya Shipacheva ilmiy va tibbiy jurnalistika sohasida faoliyat yuritgan. U RBK, "Lenta.ru", "Takiye dela", Forbes, Wonderzine va Reminder kabi qator ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilgan.

