Daraxtni noqonuniy kesish qimmatga tushdi
Buxoroda fuqaro noqonuniy ravishda 4 tup daraxt kesib, 100 million so‘mdan ziyod jarimaga tortildi

Daraxtlarni ruxsatsiz kesish qimmatga tushdi
Qorako‘l tumanida istiqomat qiluvchi 30 yoshli N.I. "Oq oltin" mahallasida 4 tup daraxtni noqonuniy ravishda kesib tashladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tuman sudining tergov sudyasi Dilmurod Qulliyev "Xabar.uz"ga xabar berishicha, ushbu harakat natijasida tabiatga 97 million 155 ming 780 so‘m miqdorida ekologik zarar yetkazilgan.
N.I.ning xatti-harakati sud tomonidan ko‘rib chiqildi. Sud hujjatlarida qayd etilishicha, bu shaxs avval ham sudlangan va ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Sud majlisida ma’muriy bayonnoma, guvohlarning ko‘rsatmalari va boshqa dalillar har tomonlama o‘rganildi. To‘plangan dalillar asosida N.I.ning harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalariga muvofiq huquqiy baholandi.
Sud qaroriga ko‘ra, huquqbuzarga bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari, ya’ni 10 million 300 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Shuningdek, tabiatga yetkazilgan 97 million 155 ming 780 so‘m zarar Buxoro viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi foydasiga undirilishi belgilandi.

