Chorvachilik va yaylov хoʻjaligini rivojlantirish agentligining vazifalari belgilandi
Qishloq хoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agentlik faoliyati boʻyicha qabul qilingan NHHlar idoraning vakolatlarini, Tarmoqni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining faoliyati tartibini belgilaydi, shuningdek, ozuqa-yem bazasini rivojlantirish va chorvachilik mahsulotlari yetishtirishni koʻpaytirish chora-tadbirlarini oʻz ichiga oladi.

Chorvachilik va yaylov xoʻjaligini rivojlantirish agentligining vazifalari belgilandi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 31-iyuldagi 426-sonli qarori bilan Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Chorvachilik va yaylov xoʻjaligini rivojlantirish agentligi faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar tasdiqlandi.
Ushbu Agentlik Prezidentning 2026-yil 12-maydagi PQ-179-sonli qarori asosida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi negizida Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzurida tashkil etilgan. Uning asosiy vazifalari chorva mollari bosh sonini koʻpaytirish, ozuqa-yem bazasini mustahkamlash hamda qayta ishlash korxonalarini qoʻllab-quvvatlashdan iborat.
Agentlik huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Chorvachilik tarmoqlarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etildi.
Tasdiqlangan hujjatlar orasida Chorvachilik va yaylov xoʻjaligini rivojlantirish agentligi toʻgʻrisidagi nizom ham mavjud boʻlib, u quyidagilarni belgilaydi:
Agentlik chorvachilik sohasini rivojlantirishni strategik rejalashtirish va muvofiqlashtirish, yaylovlardan oqilona va samarali foydalanish, yoʻnalishlarni hududlar kesimida belgilash, shuningdek, chorvachilik mahsulotlarini koʻpaytirish boʻyicha biznes-loyihalarni qoʻllab-quvvatlash, metodologik taʼminlash va monitoringini yuritish uchun masʼul respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
2027-yil hosilidan boshlab, gʻoʻza va boshoqli don ekinlarini yetishtirish nazarda tutilgan qishloq xoʻjaligi tashkilotlari yer maydonlarining 50 foizida ozuqabop ekinlarni joylashtirishga ruxsat beriladi.
Chorvachilik tarmoqlarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi daromadlari maʼlum manbalar hisobidan shakllantiriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida davlat tilida eʼlon qilingan va 2026-yil 1-avgustdan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova

