Chirchiqda sayyohlar uchun uzluksiz xizmat ko‘rsatadigan gastronomik ko‘cha ochildi

Chirchiqda sayyohlar uchun tunu kun xizmat ko‘rsatuvchi gastronomik ko‘cha ochildi
Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida kecha-yu kunduz faoliyat yuritadigan "Amir Temur" gastronomik ko‘chasi ishga tushirildi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ushbu yangi gastronomik ko‘cha sayyohlarga kunning istalgan vaqtida ovqatlanish, dam olish va turli xizmatlardan foydalanish imkoniyatini beradi. Mazkur loyiha shahar muhitini turistlar uchun yanada qulaylashtirish maqsadida amalga oshirilgan.
Ko‘chada zamonaviy piyodalar yo‘laklari, bolalar maydonchasi, vorkaut zonasi, favvoralar, dekorativ ariq, lazerli yoritish tizimi, fotozonalar hamda yashil hududlar barpo etilgan. Ushbu infratuzilma mahalliy aholi va sayyohlar uchun yagona dam olish maskanini shakllantirishi ta’kidlandi.
Loyiha prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan "Drayver" loyihalari doirasida bunyod etilgan. Natijada ko‘chada 10 ta yangi tadbirkorlik subyekti ish boshlagan, 43 ta savdo va xizmat ko‘rsatish obyekti tashkil etilgan hamda 332 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Turizm qo‘mitasiga ko‘ra, bunday gastronomik ko‘chalar sayyohlarga milliy taomlar va zamonaviy xizmatlarni bir joyda taqdim etish orqali hududning turistik jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.
Shavkat Mirziyoyev 22-iyul kuni Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi Qorasuv kanali bo‘yida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishgandi. Loyiha doirasida kanal sohilining 9 kilometrlik qismi obodonlashtirilib, dam olish va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi yaratilmoqda.
Birinchi bosqichda hududda piyodalar uchun zamonaviy yo‘laklar, favvora, vorkaut maydonchalari, akvapark va ko‘prik osti tunneli barpo etilgan. Shuningdek, manzarali daraxtlar ekilib, qulay o‘rindiqlar, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari tashkil qilingan.

