Mahalliy

“Chinor” metro bekati rekonstruksiya qilindi. Nimalar o‘zgardi? Gazeta reportaji

Toshkent metropolitenining 'Chinor' bekati rekonstruksiyadan so‘ng qo‘shimcha 7 ta turniket, chipta beruvchi apparat, hojatxona, ona va bola xonasi bilan jihozlandi. Unga 'Qipchoq' bekatidan kiruvchi alohida yo‘lak va eshik ochildi. Lekin bekatdan-bekatga bepul 'peresadka' qilish imkonsizligicha qoldi. Reportaj.

"Chinor" metro bekati qayta ta'mirlandi: Qanday o'zgarishlar yuz berdi? Gazeta reportaji

Toshkent metropolitenining Chilonzor yo'nalishidagi "Chinor" bekati rekonstruksiya ishlari sababli 13-iyundan boshlab 50 kun muddatga yopilgan edi. 29-iyul kuni bekat yo'lovchilar uchun yana ochildi. Gazeta muxbiri bekatdagi o'zgarishlarni ko'zdan kechirdi.

"Chinor" metro bekatining rekonstruksiyadan avvalgi ko'rinishi:

Foto: Metropoliten matbuot xizmati

Foto: Metropoliten matbuot xizmati

Foto: Metropoliten matbuot xizmati

Metropoliten ma'muriyatining ma'lumotlariga ko'ra, "Chinor" bekatini rekonstruksiya qilishga asosiy sabab yo'lovchilarning kirishda, turniketlar oldida to'planib qolishi bo'lgan. Shu bois, bekatdagi avvalgi 6 ta turniket soni 13 taga yetkazildi. Shuningdek, ona va bola xonasi, hojatxona, chipta beruvchi apparatlar tashkil etildi.

"Chinor" bekati rahbari Abdurahmon Abdug'afforovning so'zlariga ko'ra, bekat kuniga 15-20 mingga yaqin yo'lovchiga xizmat ko'rsatgan. Endilikda esa 35-40 ming yo'lovchini qabul qilish imkoniyati yaratildi.

"Rekonstruksiya davomida "Chinor" va "Yangihayot" bekatlari oralig'ida yo'lovchilarni tashish uchun vaqtincha 6 ta konditsionerli, shinam metrobus harakati yo'lga qo'yildi. Interval vaqtlari ham ikki-uch daqiqaga mo'ljallandi", — deydi Abdurahmon Abdug'afforov.

Abdurahmon Abdug'afforov

"Chinor" Chilonzor yo'nalishining oxirgi bekati hisoblanadi. Undan yerusti halqa yo'lining "Qipchoq" bekatiga chiqish mumkin. "Qipchoq"ga o'tish uchun avtomobil yo'lini yuqoridagi ko'prik orqali kesib o'tishga to'g'ri keladi. Bu o'rtacha 1,5-2 daqiqa vaqt oladi. Ko'prikka lift yordamida ham chiqish mumkin.

Rekonstruksiyadan so'ng "Chinor" bekatining kirish eshiklari kengaytirilgan. "Qipchoq"dan keladigan yo'lovchilar ko'prikdan tushib, to'g'ri bekatga kirishlari uchun alohida eshik ochilgan. Biroq, bir bekatdan chiqib, ikkinchisiga to'lov qilmasdan o'tish imkoniyati bundan mustasno. Chunki "Qipchoq"dan keladigan yo'lovchini "Chinor"da 6 ta turniket kutib oladi.

Chap tomonda "Qipchoq" bekatidan o'tib kelayotgan yo'lovchilar

""Chinor" bekatiga bir tomonlama zinadan Sergeli-1, Sputnik-16, Do'stlik-2 dahalari va "Qipchoq" bekatidan yo'lovchi oqimi ko'p kelar, hamma bitta joyga taqalib qolardi. Bugun, mana, birinchi kun, ertalabki tig'iz paytimiz o'tdi. Bekatda tiqilinch bo'lmadi. Platformaga chiqish uchun keng yo'lak hosil bo'ldi", — deya ta'kidlaydi bekat rahbari.

Behruz Qurbonov ishga borish uchun har kuni "Chinor" bekatidan metroga tushadi. Ungacha Zangiotadan avtobusda keladi. Uning fikricha, "Chinor" va "Qipchoq" bekatlaridan "peresadka" qilish uchun alohida to'lovni bekor qilish kerak.

"Metrodagi hamma o'tish yo'llari bepul. Masalan, Do'stlik va Texnopark bekatlarida ham shunday. Balki bu yerda ham shunaqa yechim qilinsa, yaxshiroq bo'lsa kerak", — deydi u.

Behruz Qurbonov

Toshkent Metropoliteni yetakchi mutaxassisi Doniyor Nurullayevning ta'kidlashicha, hozircha Yerusti halqa yo'lining "Qipchoq" va Chilonzor yo'lining "Chinor" bekatlari orasida bepul "peresadka"ga imkon yaratish rejalashtirilmagan.

"Chinor"ning ikkinchi chiqish tomonida avval bitta lift bo'lgan. Hozir bu qismda jami 4 ta liftni o'rnatish ishlari hamon davom etyapti. Lift sig'imi 10 nafar yo'lovchiga mo'ljallangan.

"Chinor" bekatida jami 38 nafar xodim ishlaydi. Bular — farroshlar, chiqish nazoratchisi, poyezdlarni tekshirish va jo'natish bo'yicha navbatchilar, markazlashtirilgan post navbatchilari va bekat navbatchilari.

Nozimabonu Mamatova 3 yildan buyon metropolitenda bekat navbatchisi bo'lib ishlaydi. U birinchi kun soat 08:00 dan 20:00 gacha, ikkinchi kun soat 20:00 dan 08:00 gacha (tungi smenada) ishlaydi. Shundan keyin 2 kun dam oladi.

Uning vazifasiga yo'lovchilar tartib qoidalarga amal qilishini nazorat qilish va ularga turniketdan o'tishda yordam berish ishlari kiradi.

"Avvallari tirband bo'lmagan paytlari 4 ta turniket ishlardi. Tirbandlik yuzaga kelsa, kirish qismini kengaytirib, qo'shimcha ikkita turniketni ishlatar edik. Odatda soat 07:00 dan 09:00 gacha va 16:00 dan 21:00 gacha yo'lovchilar oqimi ko'proq bo'ladi", — deydi bekat navbatchisi.

Toshkent metropoliteni matbuot xizmati yetakchi mutaxassisi Doniyor Nurullayevning ma'lum qilishicha, kelgusida yo'lovchilar oqimi ko'p bo'lgan boshqa metro bekatlarida ham kengaytirish va turniketlar sonini oshirish ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Gazeta muxbiri "Qipchoq"dan keyingi bekat — 16-iyul kuni "tom konstruksiyasining qismida siljib tushish" holati ro'y bergan "Turon"da ham bo'lib, avariyadan keyingi holatni tasvirga oldi. Bekatning qulab tushgan tom qismi yig'ishtirib olingan. Bunday holatni "Qipchoq" bekatida ham ko'rish mumkin.

"Turon" metro bekati

"Qipchoq" metro bekati

toshkent metrochinor bekatirekonstruksiyaqipchoq bekatimetrobusinfratuzilmajamoat transportitransport