Mahalliy

Buxoroda bolalarni maktabga yubormay, noqonuniy hujraga bergan ota-onalar jazolandi

Buxoroda farzandlarini maktabga yubormay, noqonuniy diniy ta’lim olishiga sharoit yaratgan ota-onalar javobgarlikka tortildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.

Buxoro viloyatining Romitan tumanida voyaga yetmagan bolalarga yashirincha diniy saboq berib kelgan shaxs va bunga imkon yaratgan ota-onalar aniqlandi.

Joriy yilning 24-iyul kuni huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan Romitan tumani “Qal’ayichorbog‘” mahallasida yashovchi fuqaroning uyida yashirin hujra tashkil etilgani fosh bo‘ldi. Ushbu shaxs maxsus diniy bilimga ega bo‘lmagan holda, voyaga yetmaganlarga dars berib, ularga turli vazifalar yuklagan.

Mazkur holat yuzasidan ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 229-prim 2-moddasi (diniy ta’limotdan saboq berish tartibini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, farzandlarini ta’lim muassasalariga jalb qilmasdan, norasmiy diniy ta’lim olishi uchun sharoit yaratib bergan ota-onalarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga (bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) asosan qonuniy chora ko‘rildi.

Avvalroq Toshkent shahrining Olmazor tumanida voyaga yetmagan bolalarga noqonuniy diniy ta’lim berib kelgan er-xotin qo‘lga olingan edi. Yana bir vaziyatda Surxondaryoda hujra tashkil qilib, bolalarni qiynoqqa solib kelgan yigit hibsga olingan.

bolalarjinoyat ishibuxoronoqonuniy diniy ta'limromitandiniy ekstremizmota-onalar javobgarligima’muriy javobgarlik