Britaniyada koʻzi ojiz va mast erkak avtomobilda 240 km yoʻl bosdi

Britaniyada ko‘zi ojiz va mast erkak 240 kilometr masofani avtomobilda bosib o‘tdi. Bu haqda Metro nashri xabar berdi.
49 yoshli Entoni Xoll rasman ko‘zi ojiz deb topilgan bo‘lishiga qaramay, haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan holda, oldinda ketayotgan yuk mashinalarining orqa chiroqlariga qarab, avtomagistral bo‘ylab qariyb 241 kilometr yo‘l bosgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 29-iyun kuni tunda Xoll sherigining mashinasini ruxsatsiz olib, Xaddersfild shahridan Kembriya grafligiga yo‘l olgan. Uning haydovchilik guvohnomasi ham, sug‘urtasi ham bo‘lmagan.
Politsiya avtomobilni tungi soat ikkilarda, u Karlayl yaqinida tartibsiz harakatlanib, yo‘l chetiga chiqib ketganidan so‘ng payqagan. Avtomobil to‘xtatilgach, Xoll vino ichganini tan olgan. U politsiyachilarga ikki yil avval ko‘rish qobiliyatini yo‘qotganini va shundan buyon avtomobilni qonuniy boshqara olmasligini aytgan.
Tekshiruv natijasida uning nafas havosida alkogol miqdori 46 milligramm ekani aniqlangan. Ruxsat etilgan me’yor esa 35 milligrammni tashkil etadi.
Sudda Xoll xavfli haydash, mast holda avtomobil boshqarish, haydovchilik guvohnomasi va sug‘urtasiz harakatlanish, shuningdek, egasining ruxsatisiz avtomobilidan foydalanish bo‘yicha aybini tan olgan.
Prokuror Suresh Basraning ta’kidlashicha, ayblanuvchining harakatlari atrofdagilar hayotiga jiddiy xavf tug‘dirgan. Shunga qaramay, hodisa oqibatida hech kim halok bo‘lmagan va jiddiy jarohat olmagan. Himoya tomoni ayblanuvchining shaxsiy holatlarini inobatga olib, u haqda sudgacha hisobot tayyorlashni so‘radi. Hukm 8-sentyabr kuni e’lon qilinadi. Ungacha Xollga avtomobil boshqarish taqiqlangan.
Avvalroq Polshada bir erkak 9 yilda 139 ta urinishdan so‘ng haydovchilik imtihonidan o‘tgani ma’lum qilingandi. Erkak endilikda amaliy imtihonga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Agar undan yiqilsa, nazariy imtihonni boshqatdan topshiradi.

